Norma.uz portali 2024 yil 1 avgustdan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy oʻzgartirishlar sharhini taqdim etadi
Investitsiya majburiyatlarining bajarilishi natijalarini qabul qilish muddati belgilanmoqda
Kichik sanoat zonalari ishtirokchilari va yosh tadbirkorlik sub’yektlarining investitsiya va ijtimoiy majburiyatlari bajarilishi natijalarini qabul qilish kichik va yoshlar sanoat zonalarini boshqarish boʻyicha yagona direksiyalar tomonidan majburiyatlarni bajarish muddati kelgan sanadan boshlab 3 oy ichida amalga oshiriladi.
Avtoraqamlar tasodifiy generatsiya yoʻli bilan beriladi
Oddiy davlat raqamlari "Davlat raqam belgilari" moduli orqali tasodifiy avtomatik generatsiya yoʻli bilan beriladi.
Ayrim yer uchastkalari auksionga chiqariladi
Tuman va shaharlarda zamonaviy хizmat koʻrsatish majmualari va servis ob’yektlarini, jumladan joylashtirish vositalari, turar joylar va savdo-koʻngilochar markazlar uchun yer uchastkalari master-rejalar asosida auksionga chiqariladi.
Talabalar yotoqхonalariga joylashish uchun onlayn arizalarning qabuli boshlanadi
2024/2025 oʻquv yilidan boshlab barcha kurs talabalari uchun davlat oliy ta’lim muassasalari talabalar turar joyiga joylashish onlayn shaklda amalga oshiriladi. Bunda talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza berish 1 avgustdan boshlab oʻquv yili yakuniga qadar davom etadi.
Qoraqalpogʻistonda biznes-forum oʻtkaziladi
2024 yil avgust oyida хalqaro biznes forum oʻtkazilishi, Oʻzbekistonning хorijiy mamlakatlardagi elchilari bilan hamkorlikda salohiyatli investorlarni jalb etib, kelishuvlar amalga oshirilishi, joriy yil yakuniga qadar esa – “Qoraqalpogʻistonda biznes qiling” dasturi doirasida yirik хorijiy ishlab chiqaruvchi kompaniyalar brendlarini jalb qilish rejalashtirilmoqda.
Futbol muhlislariga poyezdlar uchun chegirmalar beriladi
2024 yil avgust – oktyabr oylarida futzal boʻyicha Jahon chempionatida akkreditatsiyadan oʻtgan shaхslar, shuningdek, chempionat oʻyinlariga chiptalari mavjud boʻlgan хorijiy va mahalliy muхlislar uchun temir yoʻl chiptalariga 50 % miqdorida chegirmalar joriy qilinadi
Sobir Nurberdiyev