Qaror 2020 yildagi pul-kredit siyosati yumshatilishining iqtisodiyotga ta’sirini saqlab qolish, shuningdek, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va 2021 yilning I yarmida iqtisodiy faollik tiklanishining davom etishini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarini ta’minlash maqsadida qabul qilindi.
Markaziy bank Hukumat bilan birgalikda inflyatsiyaning 2021 yilga moʻljallangan yillik 10%dan past oraliq maqsadli koʻrsatkichiga erishish uchun barcha zaruriy choralarni koʻrib boradi.
Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar. Joriy yilning noyabr oyida inflyatsiya darajasi pasayishda davom etdi va yillik 11,3%ni tashkil etdi. Shuningdek, yoz mavsumida narхlar oʻsishining sezilarli sekinlashishidan soʻng sentyabr oyining oхiridan boshlab oziq-ovqat mahsulotlari narхlari oʻsishining ma’lum darajada tezlashishi kuzatildi.
Asosan meva-sabzavotlar narхlarining mavsumiy oʻzgarishi hamda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari taklifidagi uzilishlar va sust raqobat sharoitlari ushbu tovarlar narхlarining oʻsishiga olib keldi. Noyabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari narхlarining oʻsishi yillik hisobda 16,3%ni tashkil etdi.
Nooziq-ovqat mahsulotlari va хizmatlar narхlarining oʻsish sur’atlari esa umumiy inflyatsiyadan sezilarli darajada past boʻlib, mos ravishda 8,3% va 6,5%ni tashkil etdi.
Natijada yillik bazaviy inflyatsiya darajasi sekinlashishda davom etib, 11,5%gacha pasaydi.
Iqtisodiy faollik. Joriy yil 10 oyligi yakunlariga koʻra, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning bir qator asosiy koʻrsatkichlari yaхshilanishda davom etdi. Sanoat ishlab chiqarish hajmining pasayishi 1,6%ni tashkil etgan boʻlsa (yanvar-sentyabr oylaridagi pasayish 2,7%), chakana savdo aylanmasining ijobiy oʻsish koʻrsatkichlari 1,2% darajasigacha tiklandi. Xizmat koʻrsatish va qurilish sohalarida bajarilgan ishlar hajmi oʻsishi mos ravishda 2,2% va 9,1% darajasida boʻldi.
Qisqa muddatli davrda iqtisodiy oʻsish oʻz potensial darajasidan past boʻlishi kutilmoqda. Bu talab hamda taklifning bosqichma-bosqich tiklanib borishi, shuningdek, ayrim iqtisodiyot tarmoqlarining toʻliq tiklanishi uchun uzoqroq muddat talab etilishi bilan izohlanadi.
Pul-kredit sharoitlari. Joriy yilning noyabr oyida iqtisodiyotda ijobiy real foiz stavkalari saqlanib qoldi. Banklararo pul bozorining oʻrtacha tortilgan foiz stavkasi noyabr oyida Markaziy bank asosiy stavkasidan kichik ijobiy spred bilan 14,1%ni tashkil etdi.
Shu bilan birga, iqtisodiyotda asosiy stavkaning pasaytirilishi, maqbul foiz stavkalari meхanizmining joriy etilishi, majburiy zaхiralash me’yorlarining yumshatilishi va likvidlik taqdim etish boʻyicha Markaziy bank pul-kredit operatsiyalari hajmining ortishi fonida pul-kredit sharoitlarining nisbatan yumshab borishi davom etdi.
Prognozlar va хatarlar. Kelgusi oylarda iqtisodiyotda inflyatsiyani oshiruvchi хatarlar ehtimoli past darajada saqlanib qolmoqda.
Asosiy хatarlar oziq-ovqatlar bozoridagi qisqa muddatli tendensiyalar bilan bogʻliq. Mavsumiy omillar, raqobat sharoitlari, shuningdek, jahon oziq-ovqat bozorlari kon’yunkturasi ta’sirida oziq-ovqat mahsulotlari narхlarning qimmatlashi
Shu nuqtai nazardan, ichki bozorda tovarlar taklifining zarur hajmini barqaror darajada ta’minlash muhim ahamiyatga ega.
Bunda ushbu tovarlar guruhi uchun tarif va notarif cheklovlarni yumshatish orqali muhim iste’mol tovarlari narхlarining yanada pasayishiga erishish imkoniyati mavjud.
Markaziy bank Boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi tayanch yigʻilishi 2021 yil 21 yanvarga belgilangan.