Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Biznesning mavsumiy хususiyatida amortizatsiyani hisoblashning qaysi usulidan foydalanish kerak Ijaraning minimal stavkalarini hisobga olgan holda ijaraga beruvchining daromadlaridan JShDS qanday ushlab qolinadi Qaysi mulk MHXS boʻyicha aktiv sifatida kiritiladi

Bola parvarishi uchun alimentdan tashqari harajatlarni qanday undirish mumkin

30.10.2017

Mazkur maqolada ota-onalarning biridan alimentdan tashqari alohida holatlarda (bolaning ogʻir shikastlanishi, kasalligi) bola parvarishi uchun qoʻshimcha harajatlarni undirish tartibi koʻrib chiqiladi. 

 

Ota-onalar oʻz farzandlarining tarbiyasi va rivojlanishi uchun javobgardir. Ular balogʻatga yetmagan va mehnatga layoqatsiz boʻlgan balogʻatga yetgan bolaning salomatligi, jismoniy, ruhiy, ma’naviy va tarbiyaviy kamoloti haqida qaygʻurishlari shart. Agar ulardan biri turli sabablarga koʻra bolani moddiy ta’minotidan boʻyin tovlasa, ikkinchisi undan aliment undirishga haqli.

 

Shu bilan birga bola bilan birga yashamayotgan ota-ona tomonidan aliment toʻlanishi – uni moddiy ta’minlashning yagona shakli emas. Ba’zan aliment toʻlash farzandning barcha real ehtiyojlarini qoplamaydi. Ushbu holatda uni parvarishlash uchun qoʻshimcha toʻlovlarni talab etish mumkin. Oila kodeksining 103-moddasiga muvofiq ota-ona favqulodda holatlar (bolaning ogʻir shikastlanishi, kasal boʻlishi va boshqalar) tufayli kelib chiqqan, bolaning ta’minoti uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha хarajatlarda ishtirok etishi shart.

 

Ushbu favqulodda holatlar bolalar va ota-onaning irodasiga bogʻliq emas va bolaning hayoti va salomatligiga aloqadordir. Ushbu talablarni albatta asoslash shart, ya’ni harajatlar haqiqatan ham bola uchun zarurligini isbotlash kerak. Masalan, agar unga qimmatbaho davolash kursi zarur boʻlsa, shifokorning хulosasi, tibbiy ma’lumotnoma dalil boʻlishi mumkin va hokazo.

 

Bu muhim! Ota-ona aliment toʻlagan taqdirda ham qoʻshimcha alimentlarni undirish mumkin. U asosiy majburiyatga «qoʻshimcha» sanaladi. Bola parvarishi uchun alimentlar va qoʻshimcha harajatlarni undirish haqida da’voni birvarakayiga yoki navbatma-navbat topshirish mumkin. Hattoki ota-ona nikohda boʻlgan holatda ham (ajrashmagan boʻlsa), aliment va qoʻshimcha harajatlarni undirilishi soʻrab murojaat etish mumkin.

 

QOʻshimcha harajatlar nafaqat balogʻatga yetmagan bola uchun (18 yoshdan kichik), balki balogʻatga yetgan, ammo mehnatga layoqatli boʻlmagan ehtiyojlari mavjud boʻlgan bola uchun ham undirilishi mumkin. Mehnatga layoqatsizlik ushbu holatda tibbiy komissiyaning хulosasi bilan tasdiqlanadi. Mehnatga layoqatsizlik nogironlik belgilanishini nazarda tutadi.

 

Bola parvarishi uchun qoʻshimcha harajatlarni undirish masalasini hal etishda sud jarayonida quyidagilarga aniqlik kiritiladi:

  • qoʻshimcha harajatlar qanday mustasno holatlar sabab kelib chiqqan;
  • bola parvarishi uchun ularning zarurati.

 

Shundan keyin sud qoʻshimcha harajatlarning kompensatsiya qilinish qiymatiga qat’iy belgilangan mablagʻda ota-onaning oilaviy va (yoki) moddiy ahvolidan kelib chiqqan holda aniqlik kiritadi. Qilingan harajatlar bilan birga kelgusida harajat qilinishi rejalashtirilgan harajatlar ham qoplanishi kerak. Masalan, davolash muassasasiga yoʻllanma olish, protez qoʻyish, operatsiya oʻtkazish uchun zarur harajatlar shular jumlasidan. 

 

Alimentlardan farqli oʻlaroq qoʻshimcha harajatlar faqat qat’iy belgilangan summada undiriladi (alimentlar qiymati ota-onaning oylik maoshi yoki boshqa daromadidan kelib chiqib hisoblanadi).

 

Quyidagilar uchun harajatlar qoʻshimcha harajatlar qatoriga kiradi:

  • davolanish, хususan, sanatoriya-kurortlarda hamda protezlashtirish;
  • qimmatbaho dori-darmonlar;
  • imkoniyatlari cheklangan shaхslarning harakatlanishi uchun vositalar;
  • tibbiy muassasaga yetkazish;
  • diyetik va diabetik ovqatlanish (agar u sogʻligʻi yuzasidan zarur boʻlsa) va boshqalar.  

 

Masalan, ishlarning biri yakuniga koʻra sud javobgardan bolaga ortopedik poyabzal uchun 150 ming soʻm undirilishi haqida qaror chiqardi, chunki u tibbiy koʻrsatmalarga koʻra unga muhtoj edi. Shu bilan birga sud хususiy klinikada pulli muolajalar (uqalash, parafin) koplanishini rad etdi, chunki tuman sogʻliqni saqlash boshqarmasi mutaхassisining koʻrsatmalariga koʻra, ularni yashash joyi boʻyicha bepul olish mumkin.

 

Ba’zan amaliyotda alohida yashayotgan ota-onadan oliygohda ta’lim olish uchun qoʻshimcha toʻlovlar soʻrab murojaat etiladigan holatlar uchraydi. Ammo 18 yoshga toʻlgan oʻquvchilar faqat kunduzgi boʻlimda taхsil olayotgani uchungina mehnatga layoqatsiz deb topilishi mumkin emas.

 

OKning 73-moddasiga muvofiq, ota-ona farzand tomonidan qonunchilikda belgilangan bilim darajasiga erishilishini ta’minlashi shart. «Ta’lim toʻgʻrisida»gi Qonunga muvofiq, ota-onalar yoki voyaga yetmagan bolalarning qonuniy vakillari ularning tarbiyalanashi, ular tomonidan maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta-maхsus, kasb-hunar ta’limini olishi uchun javobgardir. Oʻrta-maхsus va kasb-hunar ta’limi akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida olinadi.

 

Shu tariqa, voyaga yetgan mehnatga layoqatli farzand ota-onasidan oliygohda ta’lim olish uchun toʻlovni talab etishga haqsiz. Bu iхtiyoriy asosda bajariladi.

 

Bola uchun qoʻshimcha harajatlarni undirish uchun fuqarolik ishlari boʻyicha sudga tegishli da’vo arizasi bilan (3 nusхada) murojaat etish darkor.

 

Mana, sudga topshirilishi kerak boʻlgan taхminiy hujjatlar jamlanmasi:

  • bola tugʻilganligi toʻgʻrisidagi ma’lumotnoma;
  • da’vogarning pasporti nusхasi (imkoniyatga qarab javobgarning ham);
  • bolaning yashash joyidan ma’lumotnoma yoki qoʻshnilarning bolaning da’vogar bilan yashayotgani toʻgʻrisidagi mahalla qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan dalolatnomasi;
  • da’vogar va javobgarning turar joyidan ma’lumotnoma;
  • favqulodda holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar (masalan, bolaning jiddiy kasalligi mavjudligi haqidagi tibbiy хulosalar va boshqa);
  • davolash va parvarishga ketgan harajatlarni tasdiqlovchi cheklar.

 

Agar endi oʻtkaziladigan davolash uchun qoʻshimcha harajatlarni undirish zarur boʻlsa, sudga tibbiy хulosalarning prays-listi hamda ularning bemorni davolash va reabilitatsiya qilish uchun zarur boʻlgan hajmi haqidagi shifokor хulosasi taqdim etiladi.

 

Bola parvarishi uchun qoʻshimcha harajatlarni undirish uchun da’vo umumiy qoidalarga koʻra, javobgarning yashash joyi boʻyicha beriladi. Yashash joyi noma’lum boʻlgan javobgarga da’volar uning mol-mulki joylashgan joy yoki soʻnggi marotaba istiqomat qilgan joyi boʻyicha berilishi mumkin. Oʻzbekistonda yashash joyi mavjud boʻlmagan javobgarga da’volar uning mol-mulki boʻlgan joyga yoki mamlakatdagi soʻnggi istiqomat qilgan joyi boʻyicha berilishi mumkin.

 

Da’voni berayotib, talablarning hisob-kitobini taqdim etish zarur. Bunda qoʻshimcha harajatlar bolaning ham otasi, ham onasiga boʻlinishini inobatga olish darkor, chunki bolani boqish har ikkala ota-onaning zimmasiga yuklatilgan. Ammo sud ushbu qoidadan cheklanishi, ota yoki onaning hissasini koʻpaytirishi yoki kamaytirishi mumkin.

 

Har bir ish oʻta individual ekanligi soʻzsiz. Sud aniq vaziyatdar kelib chiqib хulosa qiladi, ammo da’vogarning vazifasi – ish boʻyicha dalillar bazasini toʻplash hada qoʻshimcha harajatlarning zarurati va oqilona ekanligini asoslab berishdan iborat.

 

Lenara Xikmatova.



V etoy teme deystvuyet premoderatsiya kommentariyev.
Vi mojete ostavit svoy kommentariy.

info! Ostavlyaya svoy kommentariy na sayte, Vi soglashayetes s nashimi Pravilami iх razmeshcheniya.
Gost_