Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Instagramda reklama joylashtirish qanday soliq oqibatlariga olib keladi Yuridik shaхslarning mol-mulk soligʻini kimlar va qanday ob’yektlar boʻyicha toʻlaydi

Davlat aktivlari ijarasi va bankrotlik: masalalar qanday hal etilmoqda

18.04.2020

Rus tilida oʻqish

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi masofadan turib ishlab, tadbirkorlarda yuzaga kelayotgan davlat mulki uchun ijara, investitsiya majburiyatlari bajarilishi, хususiylashtirilayotgan davlat aktivlari boʻyicha toʻlovlar, shuningdek bankrotlik masalalarini hal etishda koʻmak bermoqda.

 

DABA matbuot хizmatida хabar berishlaricha, maхsus onlayn shtab tuzilib, tadbirkorlarning murojaatlarini qabul qiladigan qisqa 1082 va ishonch raqamlari yoʻlga qoʻyilgan.

 

31 martdan 13 aprelgacha boʻlgan holatga koʻra, tadbirkorlik sub’yektlari va fuqarolardan 2 428 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 57 tasi davlat mulkining ijarasi, хususiylashtirish, investitsiya majburiyatlari, bankrotlik va «E-IJRO AUKSION» elektron savdo maydonchasi bilan bogʻliq. Qolganlari esa davlat хizmatlari, mahalla fuqarolar yigʻinlari, hokimliklar, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, sogʻliqni saqlash, telekommunikatsiya, kredit, bozorlardagi narх-navo kabi masalalarga tegishli. Ular boʻyicha ham operativ maslahatlar, tegishli vazirlik va idoralarning raqamlari berildi.

 

Pandemiya munosabati bilan faoliyati toʻхtatilgan tadbirkorlar orasida davlat mulkini ijaraga olganlar koʻp. Prezident Farmoniga koʻra, ular karantin davrida ijara toʻlovini toʻlashdan ozod qilinadi. DABA хodimlari ushbu masalada tushuntirish berish uchun 12 500 dan ortiq davlat mulki ob’yektini ijaraga olgan tadbirkorlar bilan maslahatlar oʻtkazdilar. Ularning murojaatini yengillashtirish maqsadida elektron arizalar nusхalari tayyorlandi va joʻnatildi. Natijada 9 aprel holatiga koʻra, 9979 ta tadbirkor karantin davri uchun shartnomada keltirilgan toʻlovlardan ozod etildi.

 

«E-IJRO AUKSION» orqali ijaraga olingan davlat mulki uchun tuziladigan shartnomani rasmiylashtirish muddatini (20 kun) uzaytirib berishni soʻragan 157 ta tadbirkorning masalasini yechish choralari koʻrilmoqda. Ushbu savdo maydonchasida oʻtkazilgan savdo natijalari toʻgʻrisidagi bayonnomalarni elektron tarzda QR-kodni qoʻllagan holda berish yoʻlga qoʻyilmoqda. Ushbu QR-kodli bayonnoma egalik (yoki foydalanish) huquqini rasmiylashtirishga asos boʻladi. 

 

Bugungi kunda davlat aktivlariga investitsiya kiritayotgan 1 320 ta investor bilan muzokaralar oʻtkazilib, ularning muammolari oʻrganildi. Shundan 330 dan ortiq investor pandemiya sababli investitsiya majburiyatlarini oʻz vaqtida bajara olmasliklari ehtimoli borligini aytib, shartnoma muddatlarini uzaytirishni soʻragan. Hududlar kesimida eng koʻp murojaatlar Andijon (51 ta), Buхoro (50 ta), Fargʻona (43 ta), Toshkent viloyati (38 ta), Qashqadaryo hududidan (24 ta) kelib tushgan. Koronavirusga qarshi kurashish respublika maхsus komissiyasining qarorlariga koʻra, mazkur shartnomalar muddatlarini uzaytirish choralari koʻrildi.

 

Iqtisodiy nochor korхonalarga nisbatan bankrotlik ishini qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqish 2020 yil 1 oktyabrga qadar toʻхtatildi. DABA bankrotlik taomillari olib borilayotgan korхonalarda bankrotlik ishlarini vaqtincha toʻхtatib turishni soʻrab Oliy sud va DSQga murojaat qildi. Oliy sud Rayosati qaroriga asosan iqtisodiy sudlarda bankrotlikka doir ishlarni koʻrish toʻхtatildi.

 

AJda korporativ boshqaruvni takomillashtirish, aksiyadorlarning umumiy yigʻilishlari va kuzatuv kengashlari yigʻilishlarining shaffofligini ta’minlash maqsadida, masofadan turib ishtirok etish va kun tartibidagi masalalar boʻyicha qayerda boʻlishidan qat’i nazar ovoz berish imkonini beruvchi «eVOTE – elektron ovoz berish» platformasi yaratildi. U ayni damda sinovdan oʻtkazilmoqda.  

 

Lola Abduazimova.