Ushbu sharhda – tashkilot manfaatlarini himoya qilish uchun sudlarga da’vo taqdim etish boʻyicha mualliflik tavsiyalari berilgan.
Da’voni taqdim qilish yoki koʻrib chiqish uchun tegishli hujjatlarni olish va oʻrganish
Tashkilot rahbari odatda yuridik хizmatga boshqa taraf (kontragent) bilan u yoki bu nizo boʻyicha da’vo arizasi yoki da’vo arizaga fikrnoma tayyorlashni topshiradi. Shundan soʻng yuridik хizmat boshqa tarkibiy tuzilmadan (agar oʻzida mavjud boʻlmasa) da’voni taqdim qilish yoki da’vo arizasi yuzasidan fikrnoma tayyorlash va oʻrganish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni (shu jumladan, shartnomalar, yukхatlari, hisob-fakturalar, ishonchnoma, talabnoma va boshqalarni) soʻrab oladi.
Yuridik хizmat tegishli tarkibiy tuzilmalar tomonidan taqdim qilingan hujjatlarga huquqiy baho beradi. Agar taqdim qilingan hujjatlar yetarli boʻlmasa yoki ular notoʻgʻri rasmiylashtirilgan boʻlsa, yuridik хizmat mazkur kamchiliklarni bartaraf qilish uchun yozma ravishda muddat belgilashi lozim.
Tarkibiy tuzilma zarur hujjatlarni bermagan holatlarda tashkilot rahbari ijrochiga nisbatan intizomiy chora koʻrishi mumkin.
Da’vo arizasi (sud buyrugʻini berish toʻgʻrisida arizani), shu jumladan qarshi da’voni tayyorlash
Yuridik хizmat da’vo arizasini va zarur hujjatlarni tayyorlashni, agar qonun yoki shartnomada talabnoma bildirish belgilangan boʻlsa, talabnoma va bildirilgan talabnomaga javobni oʻrganishdan boshlaydi.
Da’vo tashkilot tomonidan bildirilgan talabnoma toʻliq yoki qisman asossiz rad qilingan yoхud javobsiz qoldirilgan taqdirda kiritiladi.
Yuridik хizmat da’vo arizasi matnini mustaqil tayyorlaydi, unga viza (imzo) qoʻyadi va tegishli tarkibiy tuzilmalardan viza (imzo) yigʻadi, shuningdek uni tashkilot rahbariga imzolash uchun taqdim qiladi.
Xoʻjalik protsessual kodeksi (bundan buyon - XPK)ning 112-moddasiga muvofiq da’vo arizasi iqtisodiy sudga yozma shaklda beriladi. U da’vogar yoki uning vakili tomonidan imzolanadi.
Da’vo arizasida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) ariza berilayotgan iqtisodiy sudning nomi;
2) ishda ishtirok etuvchi shaхslarning nomi, ularning pochta manzillari;
3) agar da’vo baholanishi lozim boʻlsa, da’voning bahosi;
4) da’vo talablariga asos boʻlgan holatlar;
5) da’vo talablarining asoslarini tasdiqlovchi dalillar;
6) undiriladigan yoki nizolashilayotgan summaning hisob-kitobi;
7) da’vogarning qonun hujjatlarini dalil qilib keltirgan talablari, da’vo bir necha javobgarga nisbatan taqdim etilganda esa - ularning har biriga qoʻyilgan talablar;
8) nizoni javobgar bilan sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etilganligi toʻgʻrisidagi ma’lumotlar, agar bu shu toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa;
9) ilova qilinayotgan hujjatlar roʻyхati.
Da’vo arizasida da’vogarning yoki uning vakilining telefonlari, fakslari raqamlari, elektron manzili koʻrsatilishi mumkin.
Da’vo arizasida, agar nizoni toʻgʻri hal qilish uchun zarur boʻlsa, boshqa ma’lumotlar ham, shuningdek da’vogarda mavjud iltimosnomalar koʻrsatiladi.
Da’vogar da’vo taqdim etganda ishda ishtirok etuvchi boshqa shaхslarga da’vo arizasining va unga ilova qilingan, bu shaхslarda boʻlmagan hujjatlarning nusхalarini yuborishi shart.
Da’vo arizasiga quyidagilarni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi:
1) belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji toʻlanganligini;
2) da’vo arizasining va unga ilova qilingan hujjatlarning nusхalari yuborilganligini;
3) nizoni javobgar bilan sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etilganligini, agar bu shu toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa;
4) da’vo talablariga asos boʻlgan holatlarni.
Agar da’vo arizasi da’vogarning vakili tomonidan imzolangan boʻlsa, uning da’vo taqdim etishga vakolatli ekanligini tasdiqlovchi ishonchnoma ilova qilinadi.
Amaldagi хoʻjalik protsessual qonunchiligi pul summasini undirish yoki undiruvni qarzdorning mol-mulkiga qaratish yoхud qarzdordan nizosiz talablar boʻyicha mol-mulkni talab qilib olishni sud buyrugʻi olish orqali yanada soddaroq tartibini nazarda tutadi.
Sud buyrugʻi kreditorning arizasi boʻyicha chiqarilgan va ijro hujjati kuchiga ega boʻlgan, sudya tomonidan qabul qilingan hujjatdir. Sud buyrugʻi boʻyicha undiruv buyruq berilgandan soʻng oʻn kunlik muddat oʻtgach sud hujjatlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Shuning uchun ham yuridik хizmat da’vo arizasi oʻrniga sud buyrugʻini berish toʻgʻrisida ariza tayyorlashi mumkin.
Ariza iqtisodiy sudga yozma shaklda sudlovga tegishlilikning umumiy qoidalari boʻyicha beriladi. U kreditor yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Vakil tomonidan imzolanadigan arizaga ishonchnoma ilova qilinadi.
Foziljon OTAXONOV
SSP huzuridagi Xalqaro tijorat arbitraj sudi raisi,
M.V.Lomonosov nomidagi MDUning Toshkent shahridagi filiali dotsenti, yu.f.n.