2019 yil 15 yanvardan Germaniya fuqarolari Oʻzbekistonda turistik maqsadlarda 30 kun davomida kirish vizalarini rasmiylashtirmasdan sayohat qilishlari mumkin boʻladi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi ma’lum qildi.
Prezidentning 2.12.2016 yildagi «Oʻzbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PF-4861-son Farmoniga oʻzgartirishlar kiritildi. 2019 yil 15 yanvardan GFR fuqarolari uchun Oʻzbekistonda turistik maqsadlarda 30 kunlik vizasiz sayohat qilish imkoniyati yaratildi.
Mazkur davlat fuqarolarining turistik faolligi bunday qaror qabul qilinishiga asos boʻldi. 2018 yil 28 dekabr holatiga koʻra GFRning 1 089 nafar fuqarosi E-visa dasturi (dastur haqida batafsil – bu yerda) yordamida Oʻzbekistonga kirish vizalarini rasmiylashtirgan. Ular dasturdan foydalanuvchi хorijliklar orasida 10-pozitsiyani egalladi.
Yangiliklar Oʻzbekistonga tashrif buyuradigan Germaniya fuqarolari uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishiga imkon beradi.