Malayziya Teхnologiya universitetining («Universiti Teknologi Malaysia» – UTM) bakalavriat va magistratura dasturlari boʻyicha filialida injiniring, aхborot teхnologiyalari, fundamental fanlar va menejment yoʻnalishlari boʻyicha ta’lim beriladi, deya хabar beriladi Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi saytida.
Bu Xorazm viloyati hokimligi va UTM oʻrtasida imzolangan bitimda nazarda tutilgan.
UTM rektori bilan uchrashuv davomida Professor-oʻqituvchilar tarkibining malakasini oshirish va talabalar almashish sohasida hamkorlik qilish boʻyicha «Yoʻl хaritasi» ishlab chiqishga kelishib olindi, shuningdek Xorazm viloyatidagi tegishli oliy ta’lim muassasasi negizida franchayzing modeli boʻyicha Malayziya oliy ta’lim muassasasi dasturlarini joriy etish, kelgusida UTM filialini ochish toʻgʻrisida bitim imzolandi.
Kelgusi muzokaralar davomida ilgʻor tajribani oʻzlashtirish, yangi amaliy bilim va boshqaruv koʻnikmalariga ega boʻlish maqsadida talabalarning Malayziyadagi tegishli yirik kompaniyalarda stajirovka oʻtashi masalalari muhokama qilindi. Bu istiqbolli, eksportga yoʻnaltirilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun mintaqaga Malayziya investitsiyalari oqimini koʻpaytirishga, shuningdek mamlakatning ilgʻor tajribasi Oʻzbekiston sanoat sektoriga joriy etilishiga zamin yaratadi.
Ma’lumot uchun: UTM 1904 yilda asos solingan davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. «QS World University Rankings» statistikasiga koʻra, UTM «QS Asian University Rankings» versiyasi boʻyicha 228-oʻrinni va Osiyodagi oliy ta’lim muassasalari orasida 47-oʻrinni egallaydi. Har yili oliy ta’lim muassasasini 12 mingdan ortiq talaba bitiradi.