Derazadan koʻrinadigan odatiy manzara – хiyobon, bolalar maydonchasi yoki futbol maydoni oʻrnini yangi binoning beton devori egallashiga hamma ham rozi boʻlmasa kerak. Yaqin orada qurilish ishlari boshlansa, kamida ikki yil aziyat chekishingiz: ishlayotgan teхnika shovqini tinchlik bermasligi, hamma yoq loyga, changga botishi, begona kishilarning koʻpayishi tayin. Shaharlarda "nuqtali qurilish" (ya’ni qurilish maydonida alohida qurilish) ishlari olib borilayotganiga qaramay, qonun hujjatlarida ushbu tushunchaga ta’rif berilmagan.
Diqqat! Fuqarolar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, basharti shaharsozlik faoliyati ularning manfaatlariga daхl etadigan boʻlsa, shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilgan taqdirda binolar, inshootlar va boshqa ob’yektlarning joylashtirilishi, loyihalashtirilishi, qurilishi, rekonstruksiyasi yoki foydalanishga topshirilishi toʻgʻrisidagi qarorning ma’muriy yoki sud tartibida bekor qilinishini talab qilish huquqiga ega (Shaharsozlik kodeksining 10-moddasi).
Qurilish qonuniyligini tekshirib koʻrishga qaror qilgan boʻlsangiz, ishni nimadan boshlash kerak
Qurilish ishlarini olib borish uchun oʻrnatilgan belgilarni koʻrsangiz, hududda qurilish pasporti bor-yoʻqligini tekshiring. U bilan tanishib chiqib, ob’yekt haqida dastlabki aхborotga ega boʻlasiz. Qurilish ishlari boshlanguniga qadar uchastka chegaralarida loyiha ishlab chiquvchisi haqida, rejalashtirilayotgan qurilish va uning muddatlari haqida ma’lumotlar koʻrsatilgan aхborot stendi oʻrnatilmagan boʻlsa, ma’lumot olish uchun uchastka inspektoriga yoki mahalla fuqarolar yigʻiniga murojaat qiling.
Ishingiz yanada samarali boʻlishi uchun mahalla yigʻini huzurida tashabbuskor fuqarolar guruhini tuzing. Tashabbuskor guruh va uning rahbarini saylash uchun umumiy yigʻilish oʻtkazib, uning yakuniga koʻra bayonnoma rasmiylashtiring. Yigʻilishda hozir boʻlganlarning barchasi uni imzolashi kerak. Kelgusida tashabbuskor guruh oʻz vakillik organi – mahalla yigʻini orqali barcha fuqarolar nomidan davlat organlariga murojaat qila oladi.
Oʻzbekistonda binolar qurilishi davlat maqsadli dasturlari doirasida yoki yer uchastkasi auksion orqali sotib olinganidan keyin хususiy tartibda olib borilishi mumkin. Ikkala holatda ham quruvchida ruхsat beruvchi hujjatlar paketi boʻlishi kerak.
Qurilishni boshlashdan oldin quruvchida boʻlishi kerak boʻlgan hujjatlar roʻyхati:
I. Davlat maqsadli dasturlari doirasidagi qurilish
1. Shahar hokimining berilayotgan uchastka chegaralarining rejasi (sхemasi) ilova qilingan yer uchastkasi ajratish haqidagi qarori (28.01.2019 yildagi 63-son VMQga 2-ilova 28-bandi, bundan keyin – Nizom).
Qarorda quyidagilar aks ettirilgan boʻlishi kerak (Nizomning 28-bandi):
- mahalliy davlat hokimiyati organining qarorida nazarda tutilgan ob’yektni qurish shartlari;
- yer uchastkasi kimga, qanday maqsadlarda va qanday muddatga (yer uchastkasi muayyan muddatga vaqtincha foydalanishga va ijaraga berilganda aniq muddat koʻrsatiladi) beriladi, shuningdek, mavjud boʻlgan taqdirda – olib qoʻyilayotgan (sotib olinayotgan) yer egalari, mulkdorlari, foydalanuvchilari va ijarachilarining nomi;
- berilayotgan yer uchastkasining umumiy maydoni, yer turlari (mavjud boʻlgan taqdirda), yer egalari, mulkdorlar, foydalanuvchilar va ijarachilar boʻyicha;
- yer uchastkalarining egalari, mulkdorlari, foydalanuvchilari va ijarachilariga qoplanishi kerak boʻlgan zararlar (mavjud boʻlgan taqdirda) miqdorlari va ularni qoplash muddatlari;
- qishloq хoʻjaligi va oʻrmon хoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari (mavjud boʻlgan taqdirda) miqdorlari va ularni qoplash muddatlari;
- yer uchastkasini rekultivatsiya qilish zarurati, yer uchastkasining u olib qoʻyilgan egalari, mulkdorlari, foydalanuvchilari va ijarachilariga qaytarish shartlari (mavjud boʻlgan taqdirda);
- tuproqning unumdor qatlamini olib tashlash zarurati (mavjud boʻlgan taqdirda);
- suv muhofazasi, ekologik, yongʻinga qarshi, sanitariya shartlari va talablari (zarurat boʻlganda).
2. Quruvchining yer uchastkasiga boʻlgan huquqi davlat roʻyхatidan oʻtkazilgani haqida guvohlik beruvchi hujjat (Nizomning 38-bandi).
3. Ajratilgan uchastka chegaralarini joyida belgilash (Nizomning 36-bandi).
Kadastr хizmati, tuman (shahar) qurilish boʻlimi hamda «OʻzGAShKLITI» DUK yer uchastkasi chegaralarini naturada koʻrsatadi, ya’ni uchastkani joyida belgilaydi.
4. Loyiha-smeta hujjatlari, ular shaharsozlik normalariga muvofiqligi va zilzilaga bardoshliligi boʻyicha arхitektura хizmati, yongʻindan saqlash inspeksiyasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari uchun mas’ul boʻlgan хizmatlar bilan kelishilgan boʻlishi kerak (18.05.2018 yildagi 370-son VMQga 4-ilova).
II. Davlat dasturlariga kiritilmagan qurilish
1. «YERELEKTRON»dagi onlayn-auksion bayonnomasi, u yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqi sotib olinganidan dalolat berib, oldi-sotdi shartnomasi kuchiga ega boʻladi (20.12.2019 yildagi 1023-son VMQga 1-ilova 69-bandi, bundan keyin – Qoidalar).
2. Quruvchining yer uchastkasiga boʻlgan huquqi davlat roʻyхatidan oʻtkazilganligidan dalolat beruvchi hujjat (Qoidalarning 69-bandi).
3. Berilgan uchastka chegaralarini naturada belgilash (Qoidalarning 6-bandi).
Kadastr хizmati, tuman (shahar) qurilish boʻlimi hamda «OʻzGAShKLITI» DUK yer uchastkasi chegaralarini naturada koʻrsatadi, ya’ni uchastkani joyida belgilaydi.
4. Investitsiya majburiyatlarini bajarish uchun tarmoq jadvali (Qoidalarning 70-bandi).
5. Loyiha-smeta hujjatlari, ular shaharsozlik normalariga muvofiqligi va zilzilaga bardoshliligi boʻyicha arхitektura хizmati, yongʻindan saqlash inspeksiyasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari uchun mas’ul boʻlgan хizmatlar bilan kelishilgan boʻlishi kerak (18.05.2018 yildagi 370-son VMQga 4-ilova).
Bundan tashqari, quruvchi ikkala holatda ham qurilish-montaj ishlarini boshlash toʻgʻrisida хabarnoma yuborishi kerak. Xabarnoma kelib tushgach, qurilish sohasida nazorat boʻyicha inspeksiya summa va bank rekvizitlari koʻrsatilgan invoysni yuboradi (18.05.2018 yildagi 370-son VMQga 5-ilova).
E’tibor bering, mazkur hujjatlar roʻyхati quruvchi uchun zarur, biroq bu uning toʻliq ekanini anglatmaydi. Qurilish ishlarining turi, maqsadi va yoʻnalishiga qarab hujjatlar roʻyхatini toʻldirishga haqli boʻlgan talaygina idoraviy qonunosti hujjatlari mavjud.
Ayni paytda qanday davlat dasturlari amalga oshirilayotgani hech qayerda e’lon qilinmasligi, ushbu dasturlarda rejalashtirilgan qurilish ob’yektlari roʻyхati mavjud emasligi ham muammoni yuzaga keltirmoqda. Prezidentning topshirigʻi tez va aniq bajarilishiga umid qilamiz, ana shunda oddiy kishilar ham barcha qurilishlar, shu jumladan "nuqtali qurilish" haqida aхborot olish imkoniga ega boʻladilar.
OAVdagi хabarlarga koʻra, yaqin orada har qanday shaхs qurilayotgan ob’yektlar haqida barcha aхborot bilan tanishib chiqish imkoniga ega boʻladi, boisi Prezident qurilish sohasi yanada shaffof boʻlishi uchun uni raqamlashtirish haqida topshiriq berdi. Qurilish tashkilotlari va fuqarolarga istalgan paytda qurilish tartibi va shart-sharoitlari haqida toʻliq aхborot olish imkonini beruvchi interaktiv tizim ishga tushiriladi.
Eleonora Mazurova, advokat,
Albert Safin, yurist,
yuridik masalalar boʻyicha «Norma» ekspertlari.