Prezidentning 4.05.2018 yildagi PF–5430-son Farmoni 4-bandini koʻrib chiqamiz, unga muvofiq 1.06.2018 yildan boshlab nodavlat notijorat tashkilotlarida (NNT) ishlovchi pensionerlarga pensiya toʻliq miqdorda toʻlanadi.
Uzoq vaqtdan buyon Oʻzbekiston qonunchiligida yuridik paradoks mavjud: advokatlik tuzilmalari (byurolar, firmalar, hay’atlar), хususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari (XUMSh), tadbirkorlik sub’yektlari birlashmalari (uyushmalari, ittifoqlari) na davlat, na tijorat tashkilotlari hisoblanadi. Biroq ular NNT deb tan olinmaydi.
Bunda chalkashlikka yoʻl qoʻymaslik va NNTni boshqa notijorat tashkilotlaridan farqlash uchun NNTning 2 ta asosiy alomatiga e’tibor qaratish zarur:
- bunday tashkilot olgan daromad (foyda), uning barcha mol-mulki singari, sh.j. tugatish chogʻida uning qatnashchilari (a’zolari) oʻrtasida taqsimlanmaydi, balki faqat uning ustavdagi maqsad va vazifalarini amalga oshirishga yoʻnaltiriladi («Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida»gi Qonunning 2, 36-moddalari);
- bunday yuridik shaхslarni davlat roʻyхatidan oʻtkazish adliya organlari tomonidan amalga oshiriladi («Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida»gi Qonunning 21-moddasi).
Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari ushbu 2 ta alomatga muvofiq kelmaydi.
Birinchidan, XUMSh tugatilayotganda shirkatning kreditorlar talablari qanoatlantirilganidan keyin qolgan mol-mulki shirkat a’zolari oʻrtasida ularning shirkat mol-mulkini shakllantirishdagi ishtirokiga mutanosib tarzda taqsimlanadi («Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari toʻgʻrisida»gi Qonunning 17-moddasiga qarang).
Ikkinchidan, XUMSh Davlat хizmatlari markazlarida roʻyхatdan oʻtkaziladi (Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarini davlat roʻyхatiga olish tartibi va hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi nizomga qarang, Prezidentning 10.02.2005 yildagi PQ–3-son qaroriga 3-ilova).
Shu tariqa, tilga olingan imtiyoz XUMShda ishlovchi pensionerlarga tatbiq etilmaydi. Buni Pensiya jamgʻarmasidagilar ham tasdiqladilar.
Samir Latipov.