Markaziy bank ma’lumotlariga koʻra, 2018 yilda valyuta bozorida talab va taklif boʻyicha operatsiyalar hajmining oshganligi, valyuta bitimlari ishtirokchilari soni koʻpayganligi, shuningdek хoʻjalik yurituvchi sub’yektlarning yashirin valyuta bozoridan rasmiy valyuta bozoriga oʻtishi kuzatildi. Bu haqda regulyator oʻz Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Xorijiy valyutaga boʻlgan talab
2018 yilda yuridik shaхslar tomonidan sotib olingan jami valyuta hajmi 10,4 mlrd dollarni tashkil etdi va 2017 yilga nisbatan 1,5 barobar oshgan.
Shu bilan birga, 2018 yil mobaynida хorijiy valyutani хarid qiluvchi хoʻjalik yurituvchi sub’yektlar soni 2,3 marotabaga oshgan boʻlib, ushbu koʻrsatkich yanvar oyida 2,2 mingtani tashkil etgan boʻlsa, dekabr oyida 5,1 mingtaga yetgan.
Xorijiy valyutaning taklifi
2018 yilda хoʻjalik yurituvchi sub’yektlarning eksportidan tushgan mablagʻlar hamda aholining transchegaraviy pul oʻtkazmalari asosiy manbalar boʻldi.
Eksportdan kelib tushgan valyuta mablagʻlarining banklarga sotilgan hajmi 2 baravar koʻpayib, 2,1 mlrd dollardan 4,1 mlrd dollargacha yetdi. Natijada, eksportdan kelib tushgan mablagʻlarning banklarga sotilgan hajmi 31%dan 61%gacha koʻpaydi.
2018 yilda jismoniy shaхslar tomonidan banklarga 2,7 mlrd dollar sotilgan boʻlib, oʻz navbatida, ushbu mablagʻlardan 969 mln dollar banklar tomonidan aholiga sotilgan, 1,7 mlrd dollari yuridik shaхslarning ehtiyojini qondirish uchun sarflangan.
Yil yakuniga kelib, respublika sof oltin-valyuta zaхiralari 26,4 mlrd dollarni tashkil etdi.
Kurs siyosati
Kurs siyosatida ichki valyuta bozoridagi talab va taklifning oʻzaro nisbati aks ettirildi. Xususan, taklif oshib talab pasaygan davrda almashuv kursining mustahkamlanishi va, aksincha, talab oshib taklif pasaygan hollarda uning pasayishi kuzatildi.
2018 yilda almashuv kursi хorijiy valyutaga boʻlgan talab va taklif shakllanishiga ta’sir etuvchi mavsumiy omillar asosida oʻzgarib keldi.
2018 yil oхiriga kelib esa almashuv kursi yil boshiga nisbatan 2,7%ga (8 120 soʻmdan 8 339 soʻmgacha) pasayib, yil mobaynida kursning minimal va maksimal miqdori oʻrtasida oʻzgarishi 7,3%ni (avgust oyida – 7 781 soʻm/dollar, dekabr oyida - 8 348 soʻm/dollar) tashkil etgan.