Taraflar noturar joyning ijara shartnomasini tuzdilar. Shartnomaning amal qilish muddati tugagach, ijaraga oluvchi joydan foydalanishda davom etadi, ijaraga beruvchi esa e’tiroz bildirmaydi. Bunday vaziyatda nimalarni inobatga olish lozim?
Ijara shartnomasi muddatini uzaytirishga oid jihatlarni yuridik masalalar boʻyicha «Norma» eksperti Oleg ZAMANOV tushuntirib berdi.
Shartnoma muddati uzaytirilganini hujjatlar bilan rasmiylashtirish kerakmi
– Ha, kerak.
Shartnomada taraflarning oʻzaro huquq va majburiyatlari belgilanadi. Ijara shartnomasini olaylik: ijaraga beruvchining asosiy majburiyati – kontragentga vaqtincha egalik qilish va foydalanish yoki faqat foydalanish uchun mol-mulkni berish. Ijaraga oluvchida qarama-qarshi majburiyat yuzaga keladi – ijara toʻlovini toʻlash.
Boshqalardan tashqari, shartnomada uni bajarish muddatlari belgilanadi. Majburiyat, qoida tariqasida, uning lozim darajada bajarilishi bilan bekor boʻladi. Ijara bilan boʻlganidek, majburiyatlar uzoq muddatli tusga ega boʻlsa, taraflar belgilagan muddat tugagach, ular bajarilgan deb hisoblanadi.
Shu sababli kontragentlar oʻzaro munosabatlarni davom ettirish uchun:
- dastlabki shartnomadagi ijara muddati toʻgʻrisidagi shartga oʻzgartirish kiritishlari kerak. Shartnoma qanday shaklda tuzilgan boʻlsa, uni oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi kelishuv ham shunday shaklda amalga oshiriladi. Shartnoma taraflaridan loaqal bittasi yuridik shaхs boʻlsa, muddatidan qat’i nazar, mulkiy ijara shartnomasi yozma shaklda tuziladi. Ya’ni ijara shartnomasiga qoʻshimcha kelishuvni yozma ravishda rasmiylashtirishingiz kerak;
- muddatidan tashqari boshqa shartlar (ijara toʻlovi miqdori, ijaraga olinadigan maydon, taraflarning majburiyatlari va h.k.) ham oʻzgarsa, yangi ijara shartnomasini tuzishlari maqsadga muvofiq. Bunda ijaraga oluvchi yangi muddatga ijara shartnomasini tuzishda ustuvor huquqqa ega boʻlishini nazarda tuting.
Karantin sharoitida hujjatlarni EHF va EHA tizimlari yordamida rasmiylashtirish mumkin.
Buxgalter.uz da batafsil oʻqing.