Pul-kredit siyosatini rivojlantirish va oʻrta muddatli istiqbolda amalga oshirish konsepsiyasida inflyatsion targetlashga oʻtish belgilangan.
Inflyatsion targetlash 1989 yilda Yangi Zelandiyada joriy etilgan. Bugungi kunda 30 dan ortiq mamlakat, ular qatorida Armaniston va Rossiya ham bor, mazkur rejimni faol qoʻllamoqda. Belarusiya va Qozogʻiston Markaziy banklari inflyatsiyaviy targetlashga oʻtish maqsadi va dasturlari haqida bayonot berishdi.
Oʻzbekistonda inflyatsion targetlashga oʻtish Pul-kredit siyosatini rivojlantirish va oʻrta muddatli istiqbolda amalga oshirish konsepsiyasida nazarda tutilgan.
Inflyatsion targetlash - pul-kredit siyosatining rejimi boʻlib, unga koʻra oхirgi maqsad sifatida narх barqarorligi koʻzlanadi. Markaziy bank foiz siyosati vositasida uni ta’minlash choralarini koʻradi va oʻz siyosatining natijasi uchun ommaviy javobgar boʻladi.
Inflyatsion targetlash inflyatsiyaning volatilligi va inertligini pasaytirishning samarali dastagi hisoblanib, u oʻz navbatida, oʻrta muddatli istiqbolda iqtisodiyotning mustahkam va barqaror oʻsishi uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratadi. Mazkur rejim Markaziy bankka inflyatsiya boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlarga erishish uchun katta imkoniyatlarni nazarda tutadi. Bunda Markaziy bank diqqat e’tiborini koʻproq iqtisodiyotning ichki muammolariga qarata oladi, sababi inflyatsiyani targetlash makroiqtisodiy vaziyatdagi oʻzgarishlarga yanada qayishqoqlik bilan yondashishga imkon beradi.
Inflyatsion targetlash rejimiga oʻtishga tayyorgarlik koʻrish pul-kredit siyosati dastaklari ta’sirini cheklovchi asosiy omillarni aniqlash va bartaraf etishni talab qiladi. Bugungi bosqichda Oʻzbekistonda pul-kredit siyosatining amaldagi dastaklarini takomillashtirish va zamonaviy dastaklarni joriy etishga ustuvorlik beriladi.
Mamlakatda hozirda pul-kredit siyosatini amalga oshirish uslublarini inflyatsion targetlashga oʻtkazish uchun huquqiy asoslar yaratilgan. Xususan, valyuta siyosatini liberallashtirish, ayirboshlash kursi shakllanishining bozor sharoitlarini yaratish boʻyicha choralar koʻrilgan, Markaziy bankning ustuvor maqsadlari aniq belgilab berilgan, pul-kredit siyosatini amalga oshirish faol bosqichga oʻtmoqda, inflyatsiyani hisob-kitob qilish va baholash uslubiyati takomillashtirilgan.
Shunga qaramay, inflyatsion targetlash rejimini joriy etish boʻyicha mavjud ehtimoliy tavakkalchilik va cheklovlar oldinga qoʻyilgan vazifani bajarishni birmuncha qiyinlashtirmoqda. Markaziy bank prognoz-tahlil bazasi mustahkamlanishi, pul-kredit siyosati dastaklari takomillashtirilishi, kommunikatsiya siyosati va aholining ishonchini oshirishga yuqori darajada e’tibor qaratadi. Shuningdek Markaziy bank mazkur rejimga bosqichma-bosqich oʻtishni ta’minlash boʻyicha choralarni koʻrishda tarmoq vazirlik va idoralar bilan sa’y-harakatlarni birlashtiradi.