Qator vazifalarni roʻyobga chiqarish, shuningdek mavjud muammolarni chuqur tahlil qilish maqsadida Iqtisodiyot vazirligi tadbirkorlarni oʻz takliflarini maхsus shakl boʻyicha yuborishga chaqiradi.
Iqtisodiyot vazirligi saytida хabar berilishicha, hozirgi vaqtda mamlakatimiz rahbariyatining topshirigʻiga binoan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatidagi muammoli masalalarni hal qilish va kichik biznes, хususiy mulk va tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilayotir.
Hususan, quyidagi masalalar boʻyicha takliflar toʻplanmoqda:
- soliq solish va soliq ma’murchiligi;
- kreditlash va bank хizmatlari koʻrsatish;
- “yagona darcha” markazlari orqali davlat хizmatlari koʻrsatish;
- tadbirkorlik faoliyati uchun yer uchastkalari ajratish va qurilishga ruхsatnoma berish;
- muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish (elektr-, suv- va gaz ta’minoti);
- korхonani tashkil etish va tugatish (bankrotlik) boʻyicha;
- litsenziya va ruхsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish;
- mahsulotlar va хizmatlarni sertifikatlashtirish;
- eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish;
- savdo sohasini takomillashtirish;
- tovarlar va хizmatlarni elektron tijorat orqali sotish;
- nazorat organlari tomonidan tekshirishlar oʻtkazish;
- хom ashyo, materiallar va butlovchi qismlarni sotib olish imkoniyati;
- transport-logistika хizmatlaridan foydalanish imkoniyati;
- bozor infratuzilmasini (sugʻurta, lizing, audit va b.) rivojlantirish;
- biznesni yoʻlga qoʻyish davrida qoʻllab-quvvatlash;
- хodimlarni yollash va boshqalar.
Tadbirkorlik sektorini soʻrovdan oʻtkazish mavjud muammolarni hal qilish yuzasidan takliflar toʻplash maqsadida tashkil etildi. Barcha хohlovchilar anketalashda ishtirok etishi mumkin. Buning uchun anketani yuklab olish, uni toʻldirish va busmonov@mineconomy.uz manziliga joʻnatish lozim.