Prezident mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida shu haqda ma’lum qildi. Ma’ruza stenogrammasini OʻzA tarqatdi.
Konstitutsiyamizda aholining muhim ijtimoiy huquqi sifatida kafolatlangan pensiya ta’minoti kelgusi yillarda ham eng dolzarb masalalardan biri boʻlib qoladi, deyiladi ma’ruzada. Shu munosabat bilan 2019 yildan boshlab pensiya ta’minoti sohasida oʻzgarishlar roʻy beradi.
Birinchidan, pensiya toʻlovining yuqori chegarasi EKIHning 8 barobaridan 10 barobariga oshiriladi.
Bunda pensiyani hisoblab chiqarish uchun olinadigan oʻrtacha oylik ish haqini aniqlash tartibi haqida soʻz bormoqda («Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti toʻgʻrisida»gi Qonunning 31-moddasiga qarang). Umumiy tartib quyidagicha: ishdagi mavjud tanaffuslardan qat’i nazar, oхirgi 10 yillik mehnat faoliyati davomidagi istalgan ketma-ket 5 yildagi (pensiya soʻrab murojaat etgan kishining tanlovi boʻyicha) ish haqi olinadi. Oʻtgan yillardagi ish haqlarini zamonaviy darajaga keltirish uchun ular qayta hisoblanadi (tartibga qarang). Soʻng oʻrtacha oylik ish haqi 5 yil uchun qayta hisoblangan umumiy miqdorni 60 ga boʻlish yoʻli bilan aniqlanadi (5 х 12, tahr.).
Biroq bunda quyi va yuqori chegaralar mavjud. Oʻrtacha oylik ish haqi eng kam oylik ish haqi miqdoridan oz boʻlgan yoki ish haqi toʻgʻrisidagi ma’lumotlar umuman mavjud boʻlmagan hollarda pensiya EKIHdan (quyi chegara) kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi. Biroq pensiyani hisob-kitob qilish uchun EKIHning 8 barobaridan ortiq boʻlmagan miqdordagi oʻrtacha oylik ish haqi olinadi – bu yuqori chegara, aynan uni oshirmoqchilar.
Eslatib oʻtamiz, kuzning boshida QHTBT portalida muhokama qilingan tegishli hujjat loyihasida mazkur chora nazarda tutilgan edi.
Ikkinchidan, ishlayotgan pensionerlarga pensiyalar toʻla miqdorda toʻlanadi.
Gap shundaki, ayni paytda aksariyat ishlovchi pensionerlar tayinlangan pensiyaning 50%ini oladilar (20.11.1995 yildagi PF–1289-son Farmonga qarang). Mehnat faoliyatini davom ettirayotgan ayrim toifadagi pensionerlargina toʻliq pensiya olish huquqiga egalar. Ularning yigʻma roʻyхati bu yerda berilgan.
Byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi, sh.j. Prezidentning tegishli farmoni loyihasi shaklida yil davomida ikki marta ishlovchi pensionerlarga 100% pensiya toʻlash tashabbusi bilan chiqqan edi.
Davlatimiz rahbari ma’ruzasining toʻliq matni bilan havola orqali oʻtib tanishishingiz mumkin.