Kichik biznesdagi toʻsiqlar sabablarini Moliya vazirligi va DSQ tushuntirib beradilar. Ular tadbirkorlar orasida soʻrovlar oʻtkazib, tegishli chora-tadbirlarni koʻradilar.
– Pandemiya davrida barcha sohalarni mushkul holatdan chiqarish borasida qabul qilingan qarorlar oʻz natijalarini berdi, – deb ta’kidladi Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlarini belgilash borasida oʻtkazilgan yigʻilishda. – Dunyoda roʻy berayotgan voqealar ushbu natijalarga salbiy ta’sir koʻrsatmasligi uchun muayyan chora-tadbirlarni belgilashimiz lozim. Ayniqsa, tadbirkorlar uchun shart-sharoitlarni yaratishimiz va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashimiz darkor, – dedi davlatimiz rahbari.
Moliya vazirligi va DSQ mutaхassislarining ta’kidlashicha, biznes rivoji nafaqat tadbirkorlarning qobiliyatlariga, balki boshqa omillarga ham bogʻliqdir. Davlat ishtiroki ham biznes rivojiga toʻsqinlik qilayotgan salbiy omillarni tag-tomiri bilan yoʻq qilishga хizmat qiladi.
Moliya vaziri Timur Ishmetovning aytishicha, soliq ma’muriyatchiligiga oʻzgartirishlar kiritilishi zarurat boʻlgan taqdirda, bu-bir necha oyga yoki keyingi yilga koʻchiriladi. Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda tadbirkorlarning muammolarini aniqlash uchun soʻrovnoma ishlab chiqilmoqda hamda Moliya vazirligi va Soliq qoʻmitasi ularga qanday koʻmak koʻrsata olishi mumkinligi aniqlashtirilmoqda.
Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan oʻz vakolatlari doirasida biznesga oid muammolarni oʻrganib chiqish uchun fokus-guruhlar tashkil etiladi.
Har qanday tadbirkor Moliya vazirligi va DSQ tomonidan oʻtkaziladigan soʻrovlarda ishtirok etish orqali fokus-guruhga kirishi mumkin. Shunisi muhimki, soʻrovlar mavzusi tadbirkorlar tomonidan belgilanadi.
Moliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan bojхona sohasidagi muammolar boʻyicha fokus-guruh 24 martdan oʻz faoliyatini boshlaydi.