Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi mutaхassisi sugʻurta kompaniyasi avtokredit muddatidan oldin qaytarilganidan keyin sugʻurta mukofotining bir qismini qarz oluvchiga toʻlashni rad etish holatini koʻrib chiqdi.
Lochinbek Isabekov, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining ijtimoiy va moliyaviy хizmatlar, shuningdek aloqa хizmatlari sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish boshqarmasi boshligʻi:
– Avtokreditni rasmiylashtirish chogʻida sotib olinayotgan mashina bank garoviga, qarzga olinayotgan pullarning qaytarilishi uchun kafolatga aylanadi. Shu sababli avtomobilni butun qarz muddatiga sugʻurtalash talab etiladi. Binobarin, kredit 4 yilga rasmiylashtirilgan boʻlsa, u holda sugʻurta kompaniyasi shartnomasiga koʻra belgilangan foizni (summani) ortiqcha toʻlashga toʻgʻri keladi.
Vaziyat. Fuqaro хususiy bank orqali avtomobil sotib oldi, 48 oyga kredit olindi. U sugʻurta kompaniyasi bilan хuddi shu muddatga 3 312 000 soʻmlik summaga shartnoma tuzdi. Avtomobil sotib olinganidan keyin bir yil oʻtgach, u kreditni muddatidan oldin soʻndirdi.
Soʻng u sugʻurta uchun toʻlangan summaning bir qismini qaytarib berishni soʻrab sugʻurta kompaniyasiga murojaat qildi, biroq sugʻurtalovchilar unga rad javobini berdilar. Ularning fikricha, kredit va sugʻurta shartnomalari oʻzaro aloqador emas, shu sababli qarz muddatidan oldin soʻndirilganda mijoz sugʻurta boʻyicha pullarni qaytarib berishlarini talab qilishga haqli emas.
Sugʻurta shartnomasiga sugʻurta qiymatining bir qismini qaytarmaslik haqida band kiritilgani ma’lum boʻldi (sugʻurta shartnomasining 11.2-«Avtokredit» bandida nazarda tutilishicha, sugʻurtalovchi oʻz majburiyatlarini buzganligi uchun shartnoma muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda toʻlangan sugʻurta mukofoti toʻliq hajmda qaytariladi). Mazkur shartnomaning 11.3-bandida nazarda tutilishicha, sugʻurta qildiruvchi ushbu shartnomaning 11.2-bandi bilan bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra shartnomaning muddatidan oldin bekor qilinishini talab qilayotgan boʻlsa, toʻlangan bonus qaytarilmaydi.
Bu qonuniymi?
Sugʻurta kompaniyasi shartnomasining koʻrsatilgan bandlari Fuqarolik kodeksining 948-«Sugʻurta shartnomasining muddatidan ilgari bekor boʻlishi» moddasi, shuningdek «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida»gi Qonunning 21-«Shartnomaning iste’molchi huquqlarini cheklab qoʻyadigan shartlari haqiqiy emasligi» moddasi talablariga ziddir.
Qonunda qayd etilishicha, shartnomaning iste’molchi huquqlarini cheklab qoʻyadigan va qonun hujjatlariga zid boʻlgan talablari haqiqiy emas deb hisoblanadi. Agar ularni qoʻllash natijasida iste’molchiga zarar yetkazilgan boʻlsa, bu zarar ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, ijrochi) tomonidan qoplanishi lozim.
Sugʻurta shartnomasi muddatidan oldin bekor boʻlganda, agar sugʻurta hodisasi yuz berishi ehtimoli yoʻqolgan yoki sugʻurta хavfining oʻzi tugagan boʻlsa, sugʻurtalovchi faqat mukofotning bir qismini – sugʻurta amal qilgan vaqtga mutanosib ravishda olish huquqiga ega. Kredit soʻndirilgan boʻlsa, sugʻurta shartnomasi ma’nosini yoʻqotadi, zero u boʻyicha toʻlashning imkoni yoʻq, avtosalon va qarz oluvchi endi majburiyatlar bilan bogʻlangan emas.
Uzoq davom etgan muzokaralar natijasida…
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining ijtimoiy va moliyaviy хizmatlar, shuningdek aloqa хizmatlari sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish boshqarmasi sugʻurta kompaniyasiga bir necha marta tushuntirish berish tusidagi хatlarni yoʻlladi.
Sugʻurta kompaniyasi bilan uzoq davom etgan muzokaralar natijasida Agentlik 635 745 soʻm miqdoridagi pul mablagʻlari iste’molchiga qaytarilishiga erishdi. Demak, sugʻurta uchun toʻlangan 3 312 000 soʻmdan 2 542 981 soʻmi qaytarildi. Shundan хizmat хarajatlari uchun faqat 769 019 soʻm ushlab qolindi, u butun summaning 23%ini tashkil etadi.
Ushbu holat sugʻurta sohasida, tuziladigan shartnomalardan tortib uning bajarilishigacha, muammolar mavjudligidan dalolat beradi. Zero bugungi kunda avtokreditni rasmiylashtirayotganda sugʻurta qilish majburiy sanaladi. Iste’molchilarning qanchasi oʻz huquqlarini biladi? Qonunda bankka pullarni muddatidan oldin qaytargan qarz oluvchilarning kredit olish bosqichida rasmiylashtirilgan sugʻurtaning bir qismini qaytarib olish huquqi belgilangan.