Bu haqda Milliy matbuot markazida oʻtkazilgan matubot anjumanida Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi direktori oʻrinbosari ma’lum qildi.
Aytish kerakki, bugungi kungacha 81 yoʻnalish boʻyicha yoʻl chizmasi, qatnov jadvali va boshqa ma’lumotlar ishlab chiqib boʻlingan. Yana 57 yangi avtobus yoʻnalishi ochilib, qatnovlar yoʻlga qoʻyilgan.
Bundan tashqari, avtomobil transportida litsenziyalash tartibi ham soddalashtirilgan. Jumladan, tadbirkorlik sub’yektlariga shaharlararo yuk va yoʻlovchi tashish uchun litsenziya berishga qaror qabul qilish va litsenziya varaqalarini berish agentlikning joylardagi hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshirilishi yoʻlga qoʻyildi. Avtotransport faoliyat turining litsenziyalanadigan uchta qismi qisqartirildi. Bundan tashqari, litsenziya varaqasini qayta rasmiylashtirish tartibi ham soddalashtirilgan
Shu bilan birga, Navoiy viloyatida ikkita, Surхondaryo viloyatida bitta avtostansiya foydalanishga topshirildi. Rekonstruksiya qilinadigan olti avtovokzal va avtostansiyaning ikkitasida rekonstruksiya ishlari yakunlandi. Viloyatlarda pilot loyihasi tariqasida avtobuslarga onlayn rejimida masofadan kuzatish tizimi — GPS trekerlari oʻrnatilmoqda.
Ushbu chora-tadbirlar Prezidentning 2017 yil 10 yanvardagi "Aholiga transport хizmati koʻrsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yoʻlovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan 2017–2021 yillarda shaharlar va qishloqlarda avtotransport хizmatlarini yanada rivojlantirish dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.