Qaror inflyatsiyaning yanada sekinlashib yil yakunida prognoz koʻrsatkichlariga erishish boʻyicha ishonchning mustahkamlanishi, iqtisodiyotda ijobiy real foiz stavkalarini saqlab qolish zarurati, shuningdek, pandemiya sharoitida inflyatsiyani pasaytirish va iqtisodiy faollikni qoʻllab-quvvatlash maqsadlari oʻrtasidagi muvozanatni ta’minlash bilan izohlanadi.
Bunda, prognoz qilinayotgan davrda inflyatsiyani keskin oshiruvchi omillarning nisbatan kamligi pul-kredit sharoitlarini inflyatsion хatarlarni yuzaga keltirmasdan yumshatish imkonini beradi.
Markaziy bank yil yakuni boʻyicha inflyatsiyaning prognoz koridorining quyi chegarasiga yaqin darajada shakllanish ehtimoli bilan inflyatsiya prognozini 11-12,5% darajasida oʻzgarishsiz saqlab qoladi. Inflyatsion kutilmalar barqaror pasayishi va makroiqtisodiy barqarorlikning saqlab qolinishi sharoitida inflyatsiya prognozi yanada pasaytirish tomonga koʻrib chiqilishi mumkin.
Markaziy bank Hukumat bilan birgalikda 2023 yilga qadar inflyatsiyaning 5%lik doimiy maqsadli koʻrsatkichiga erishish uchun barcha zaruriy choralarni koʻrib boradi.