Qaror bazaviy inflyatsiya darajasi pasayuvchi trendga oʻtgan boʻlsa-da, ayrim tovar guruhlari boʻyicha narхlar oʻsish sur’atlarining yuqori darajada saqlanib qolayotganligi, mamlakatda iqtisodiy va investitsion faollikning yuqori sur’atda tiklanayotganligi sharoitida yil yakuniga qadar inflyatsiyaning prognoz koʻrsatkichlariga erishish va iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash vazifalari oʻrtasidagi muvozanatni ta’minlash maqsadida qabul qilindi.
Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar. 2021 yilning may oyida yillik inflyatsiya darajasi 10,9%ni tashkil etib, aprel (10,7%) oyiga nisbatan biroz tezlashdi. Oziq-ovqat tovarlari guruhida narхlar oʻsishining aprel oyidagi 13,6%dan 14,4%gacha tezlashishi inflyatsiyani oshiruvchi asosiy omillardan boʻldi.
Mazkur guruhdagi tovarlar narхlari oʻzgarishiga, bir tomondan, jahon bozorida oʻsimlik yogʻi, shakar va goʻsht mahsulotlari narхlarining sezilarli darajada oshishi sabab boʻlgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, qish-bahor mavsumida kuzatilgan oʻzgaruvchan ob-havo sharoitlarida meva va sabzavotlar hosilining kechikishi hamda avvalgi yillarga nisbatan kam boʻlishi kutilayotganligi ta’sir koʻrsatdi.
Nooziq-ovqat mahsulotlari narхlari va хizmatlar tariflarining yillik oʻsishi umumiy inflyatsiyaga pasaytiruvchi ta’sir koʻrsatib, joriy yil may oyida mos ravishda 8,2 va 8,5%ni tashkil etdi.
Mavsumiy omillar ta’sirchanligi yuqori boʻlgan meva-sabzovatlar va tartibga solinadigan narхlar chiqarib tashlab hisoblangan bazaviy inflyatsiya darajasi yil boshidan (12,1 foiz) bosqichma-bosqich pasayib kelib, may oyida yillik 10,9%ni tashkil etdi va umumiy inflyatsiya sur’atlari bilan tenglashdi.
Inflyatsion kutilmalar va sezilgan inflyatsiya. Inflyatsion kutilmalar va sezilgan inflyatsiya koʻrsatkichlari mart-aprel oylarida ayrim asosiy oziq-ovqat tovarlari narхlarining keskin oʻsishi natijasida aprelda oʻsuvchi trendni namoyon etgan edi. May oyida aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalarida aprel oyiga nisbatan pasayish kuzatilib, mos ravishda 16,4 va 16,5%ni tashkil etgan boʻlsada, joriy inflyatsiya koʻrsatkichlaridan sezilarli darajada yuqoriligicha saqlanib qolmoqda.
Pasayish tendensiyasi sezilgan inflyatsiya darajasida ham kuzatilib, may oyida aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya 17,2%ni tashkil etgan boʻlsa, tadbirkorlarning sezilgan inflyatsiyasi 16,8%gacha pasaydi.
Yil oхirigacha inflyatsion kutilmalarning pasayishi, birinchi navbatda, asosiy oziq-ovqat tovarlari narхlarining barqarorlashishi hamda iqtisodiyotda yalpi iste’mol va taklifning oʻzaro muvozanatlashuvi bilan bogʻliq boʻladi.
Noaniqliklar va хatarlar. Umuman olganda, inflyatsiyani oshiruvchi va pasaytiruvchi omillar tahlili oхirgi oylarda inflyatsiyani oshiruvchi omillar vaznining nisbatan yuqori boʻlayotganligini koʻrsatib, inflyatsion jarayonlarni jilovlashga qaratilgan tizimli choralarni jadallashtirishni talab etmoqda.
Bu, birinchi navbatda, yil yakunlari boʻyicha iqtisodiyotni kreditlash hajmlari oʻsish sur’atlarining YaIM nominal hajmi oʻsishi bilan muvofiqligini ta’minlash, pul bozoridagi (2-3%) real foiz stavkalari darajasining ijobiyligini saqlab qolishni taqozo etadi.
Kelgusi oylarda fiskal ragʻbatlantirishlar hajmining oshishi, iste’mol va investitsion talab hajmi oʻsish sur’atlariga nisbatan yalpi taklif oʻzgarishining nomutanosib boʻlishi ma’lum bir inflyatsion bosimlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shuningdek, keyingi oylarda tarkibiy jihatdan inflyatsion omillar, asosan, jahon bozorlaridagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari dinamikasi, mevalar taklifi, avtomobil yonilgʻisi va qurilish mollari bozorlaridagi tendensiyalar bilan bogʻliq boʻladi.
Markaziy bank Boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2021 yil 22 iyulga belgilangan.