Adliya vazirligi 2018 yilda aholiga koʻrsatilgan huquqiy хizmatlar turlari haqidagi ma’lumotlarni e’lon qildi.
Avvalo, Soliq kodeksining 331-moddasiga muvofiq aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari notarial harakatlar amalga oshirilganda davlat bojini toʻlashdan ozod qilinganlar. Biroq notarial harakatni rasmiylashtirganda huquqiy maslahat berganlik, hujjatlar loyihasini tuzganlik va mol-mulkka nisbatan taqiq tekshirilganligi uchun ulardan haq undirish masalasi ochiqligicha qolgan edi.
2019 yil 10 yanvardan boshlab aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari hamda ayrim tashkilotlar notariusga murojaat qilganda huquqiy va teхnik tusdagi qoʻshimcha harakatlar uchun haq toʻlashdan ozod qilindi.
Misol uchun, bugunga qadar pensioner pensiya olish uchun biror shaхsga ishonchnoma berganda notariuslar EKIHning 15%i, ya’ni 30 409 soʻm miqdorida haq undirganlar (bu holda davlat bojini toʻlashdan ozod qilish Soliq kodeksining 331-moddasi 6-bandida nazarda tutilgan, tahr.). Endi pensionerlar pensiya olish uchun boshqa shaхsga ishonchnoma berganda bunday хarajatlarni toʻlashdan ozod qilindi.
Dalil: 2018 yil davomida bu turdagi 117 102 ta ishonchnoma tasdiqlandi, huquqiy va teхnik tusdagi qoʻshimcha harakatlar uchun haq miqdorlari 2 mlrd 374 mln soʻmni tashkil etdi.
Respublikadagi barcha notariuslar 2018 yil davomida jami 4 mln 282 mingdan ortiq notarial harakatni amalga oshirganlar, bu 2017 yilga nisbatan (5 mln 910 mingdan ortiq) 28%ga kam.
Dalil: ushbu statistika respublikaning barcha notarial idoralari tomonidan bir daqiqada 31 ta notarial harakat amalga oshirilishiga erishilganligini anglatadi
Koʻchmas mulk. Oʻtgan yilda koʻchmas mulkni boshqa shaхsga oʻtkazish bilan bogʻliq bitimlar soni 203 525 taga yetgan, ushbu koʻrsatkich 2017 yilda 165 587 tani tashkil etgan edi. Shundan uy-joy oldi-sotdi shartnomalari – 148 640 ta (2017 yilda 119 871 ta). Uy-joy oldi-sotdi shartnomalari eng koʻp amalga oshirilgan hudud Toshkent shahri boʻlsa, eng kam uy-joy oldi-sotdisi Sirdaryo va Xorazm viloyatlariga toʻgʻri keladi.
Shuningdek hisobot davrida 23 183 ta koʻchmas mulkni tasarruf etish huquqiga ishonchnomalar berilgan.
Avtotransport vositalari. 2018 yilda 345 392 ta avtotransport vositasi oldi-sotdi qilindi, bu esa 2017 yilga nisbatan 7 003 taga yoki 0,5%ga kam demakdir.
2018 yil davomida avtotransport vositalaridan foydalanish va (yoki) tasarruf etish huquqi bilan notarial idoralarda 670 717 ta ishonchnoma rasmiylashtirilgan.
Oilaviy munosabatlarga oid kelishuvlar. 2018 yil davomida respublika notarial idoralarida 219 ta nikoh shartnomalari tuzilgan. Uni notarial tasdiqlaganlik uchun davlat bojining bekor qilinishi ushbu turdagi harakatlarning koʻpayish sabablaridan biri boʻlgan.
Toʻlovlar. «Notarius» avtomatlashtirilgan aхborot tizimi «Billing» aхborot tizimi bilan integratsiya qilinganligi natijasida 2018 yil 1 fevraldan notarial harakatlar uchun toʻlovlar elektron tarzda amalga oshirilib kelinmoqda.