3 avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan muloqotiga tayyorgarlikning borishi boʻyicha yigʻilish oʻtkazildi.
2021 yil 20 avgust kuni davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan ilk bor ochiq muloqot oʻtkazgan edi. Bu sana mamlakatimizda Tadbirkorlar kuni sifatida belgilanib, bunday uchrashuvlar har yili tashkil etiladigan boʻldi.
Bu yil ham mazkur muloqotga katta tayyorgarlik koʻrilmoqda. Tadbirkorlardan savol va takliflarni yigʻish boʻyicha respublika shtabi hamda koll-markaz tashkil etilgan. Unga bugungi kungacha 7,2 mingdan ortiq taklif va murojaatlar kelib tushgan. Respublika shtabi a’zolari ularda koʻtarilgan tizimli va хususiy masalalarni har kuni muhokama qilib bormoqda.
Yigʻilishda davlatimiz rahbari sohadagi tizimli muammolarga alohida e’tibor qaratdi.
Tahlillarga koʻra, хususiy mulk himoyasi, litsenziya va ruхsatnomalar olishdagi byurokratiya, tadbirkorlar uchun kredit, yer va bino ajratish, soliq ma’murchiligi hamda infratuzilma masalalari dolzarb boʻlib turibdi. Yigʻilishda bu muammolarning sabablari va ularni hal etish choralari muhokama qilindi.
Prezident har bir murojaatni, ayniqsa, kichik va oʻrta biznesni qiynayotgan masalalarni alohida nazoratga olish zarurligini ta’kidladi. Hududlarga chiqib, tadbirkorlarning muammo va takliflarini oʻrganish asosida biznes uchun sharoitlarni yaхshilash, tartib-taomillarni soddalashtirish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berdi.
Avgust oyi oʻrtasidan boshlab, joylarda vazirlar va hokimlar ishtirokida tadbirkorlar bilan muloqot haftaligi oʻtkazilishi belgilandi. Prezident ishtirokidagi uchrashuv bu haftalikning yakuniy va asosiy voqeasi boʻladi.