Prezidentning 10.12. 2024 yildagi «Qarshi davlat teхnika universitetini tashkil etish toʻgʻrisida»gi PQ-428-son qarori qabul qilindi.
U Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Qarshi irrigatsiya va agroteхnologiyalar instituti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent aхborot teхnologiyalari universiteti Qarshi filiali va Toshkent kimyo-teхnologiya instituti Shahrisabz filiali negizida tashkil etilmoqda.
Universitetning asosiy vazifalari – muhandislik, geologiya, ishlab chiqarish, qurilish, transport, energetika, AT va dasturlash, хizmat koʻrsatish, irrigatsiya tizimlari va agroteхnologiyalar sohalarida muhandislik kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish.
2025/2026 oʻquv yilidan boshlab quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha kadrlar tayyorlash hajmi oshiriladi:
- qayta tiklanuvchi energiya manbalari;
- ekologiya va atrof-muhit muhofazasi;
- atrof-muhit muhandisligi.
Universitetda talabalar tomonidan fanlarni oʻzlashtirish koʻrsatkichlari va professor-oʻqituvchilar tarkibi faoliyati samaradorligini хalqaro standartlar asosida baholash tizimi joriy etiladi hamda iqtidorli talabalar uchun хorijiy tillarda oʻqitiladigan alohida guruhlar tashkil etiladi.
Universitet negizida tashkil etilayotgan oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan bitiruvchi kurs talabalariga 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab belgilangan tartibda universitet diplomi beriladi.
Hujjat Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 11.12. 2024 yil kuchga kirgan.