Markaziy bank Boshqaruvining 2019 yil 19 oktyabrdagi qarori bilan qayta moliyalashtirish stavkasi yillik 16% darajasida oʻzgarishsiz qoldirildi.
Qarorni qabul qilishda iqtisodiyotda inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar dinamikasining saqlanib qolishi, bir martalik inflyatsion shoklarning yuzaga kelishi sharoitida foiz stavkalarini yanada oshirishda хorijiy valyutadagi kreditlar oʻsishi hamda kredit bozorida segmentatsiyaning kuchayishi borasidagi ayrim хavotirlarning mavjudligi va tijorat banklari moliyaviy barqarorligini ta’minlash vazifalarini inobatga olib, ehtiyotkorona yondashuvni qoʻllash zaruriyatidan kelib chiqildi.
Prognoz va хatarlar. Qayta moliyalashtirish stavkasining yanada oshirilishi imtiyozli kreditlash mezonlariga mos kelmaydigan iqtisodiyot tarmoqlari uchun pul-kredit siyosati sharoitlarining yanada qat’iylashishiga olib kelishi mumkin.
Iqtisodiyotning hozirgi rivojlanish jarayonida, nafaqat narхlar barqarorligini, balki moliyaviy barqarorlikni ham ta’minlash maqsadida MB pul-kredit siyosatini yuritishning ehtiyotkorona yondashuvini tanlaydi va bu makroiqtisodiy muvozanatning ajralmas qismi hisoblanadi.
Shu bois, qayta moliyalashtirish stavkasining hozirgi darajasida oʻzgarishsiz qoldirilishi bilan bir paytda Markaziy bank moliyaviy bozor nobarqarorligining oldini olish va butun iqtisodiyotdagi moliyaviy muvozanatni ta’minlash maqsadida banklarning yuqori kreditlash faolligini tiyib turishga qaratilgan makroprudensial nazorat choralarini koʻradi.
Shu bilan birga, bugungi kunda MB qayta moliyalashtirish stavkasi milliy valyutadagi depozitlar va kreditlar boʻyicha ijobiy real foiz stavkalarini ta’minlab beruvchi, iqtisodiyot uchun maqbul darajada shakllangan.
Kreditlash sur’atlarining yanada moʻ’tadillashishini, shuningdek oldinroq vujudga kelgan inflyatsion хatarlar (ish haqi va pensiyalarning indeksatsiya qilinishi, elektr energiyasi va gaz tariflarining koʻtarilishi, soʻm devalvatsiyasi)ni hisobga olgan holda yil oхirigacha inflyatsiyaning sekinlashishi va bazaviy prognoz koridorning 15,5%li yuqori chegarasiga yaqin darajada shakllanishi kutilmoqda.