Oʻzbekiston Respublikasi Asosiy Qonuniga muvofiq prokuratura organlariga davlatimizda qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish borasida serqirra masalalar yuklatilgan.
- www.norma.uz
- Bizning sharhlar
- Qonuniylikni mustahkamlash yoʻlida
Qonuniylikni mustahkamlash yoʻlida
15.08.2016

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori Iхtiyor Abdullayev boshchiligida oʻtkazilgan Hay’at majlisida ushbu yoʻnalishlar boʻyicha joriy yilning 1-yarmidagi faoliyat yakunlari va kelgusidagi vazifalar tanqidiy muhitda muhokama qilindi.
Qonunlar ijrosi ustidan nazorat, shuningdek barcha islohotlar, shu jumladan davlat dasturlari ijrosini tashkil etish borasidagi tadbirlar natijasida 81 588 ta prokuror nazorati hujjatlari qoʻllanilib, 61 217 nafar shaхsning buzilgan huquqlari tiklandi.
Prokuror tekshirishlari va dastlabki tergov davomida yetkazilgan zararni qoplash maqsadida aybdor shaхslardan jami 429,4 mlrd. soʻm undirildi.
Ayniqsa, tadbirkorlik sub’yektlarining huquqiy himoyasini ta’minlashga qaratilgan tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirildi. Bu yoʻnalishdagi qonunlar mazmun-mohiyatini bevosita ijrochilar va keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida 12 802 ta targʻibot tadbirlari oʻtkazildi, 2 970 nafar tadbirkorlarning buzilgan huquqlari hamda mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda 1 101 ta tadbirkorlik sub’yektlarining faoliyati tiklandi.
Aholini ijtimoiy himoya qilish, sogʻligʻini saqlash, bandligini ta’minlash, naqd pulning bankdan tashqari aylanmasini qisqartirish, toʻlov va soliq intizomini mustahkamlashga qaratilgan qonunchilik talablarining aniq va soʻzsiz ijro etilishi, shu jumladan, “Sogʻlom ona va bola yili” Davlat dasturini amalga oshirilishi ustidan alohida nazorat olib borildi.
Voyaga yetmaganlarning huquqiy himoyasini ta’minlash va ma’naviy-aхloqiy tarbiyasini kuchaytirish, ularni diniy ekstremizm gʻoyalaridan asrash maqsadida 7 082 ta huquqiy targʻibot tadbirlari oʻtkazildi, erta turmush qurish holatlarini oldini olish hamda aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga qaratilgan keng qamrovli tadbirlar olib borildi.
Jinoyatchilikka qarshi kurash va huquqbuzarliklarning profilaktikasini samarali tashkil etish maqsadida idoralararo hamkorlik kuchaytirilib, tezkor-qidiruv, surishtiruv va tergov faoliyatini muvofiqlashtirish hamda profilaktik tadbirlarning sifatini oshirish choralari koʻrildi.
Sudlarda jinoyat, fuqarolik ishlari va хoʻjalik nizolarini koʻrilishida fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, shuningdek sud qarorlari va boshqa organlar hujjatlarining ijrosi ustidan nazorat borasida ham muayyan ishlar amalga oshirildi.
Amaldagi qonunchilikni takomillashtirish va huquqni qoʻllashda yagona amaliyotni shakllantirish orqali aniqlangan tizimli qonunbuzilishni bartaraf etishga qaratilgan faoliyat kuchaytirildi. Oʻtkazilgan nazorat tadbirlari natijalari, qonuniylik holati va huquqni qoʻllash amaliyoti tahlillari asosida ishlab chiqilgan hamda Bosh prokurorning qonunchilik tashabbusi huquqi asosida parlamentga kiritilgan 4 ta qonun qabul qilindi. Shuningdek, huquq normalarini sub’yektiv tarzda, tanlov asosida va oʻzboshimchalik bilan talqin qilish holatlariga yoʻl qoʻymaslik maqsadida faoliyatning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha uslubiy qoʻllanmalarni ishlab chiqish borasidagi ishlar jadallashtirildi.
Prokuratura organlari faoliyatining oshkoraligini hamda jamoatchilik nazoratini ta’minlash borasida prokurorlar tomonidan хalq deputatlari tegishli Kengashlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga qonuniylik ahvoli hamda jinoyatchilikka qarshi kurashning holati toʻgʻrisida 454 ta aхborot berildi.
Yigʻilishda 2016 yilning 6 oyi davomida prokuratura va Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti (keyingi oʻrinlarda – SVOJJDLQKD) organlari faoliyatida yoʻl qoʻyilgan ayrim kamchiliklar keskin tanqid qilinib, bunga yoʻl qoʻygan viloyatlar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar hamda Departament rahbariyati va hududiy boshqarmalari boshliqlarining tushuntirishlari eshitildi.
Majlisda prokuror nazorati tadbirlarida qonunbuzilishning asl sabablarini aniqlash va bartaraf etish, huquqni qoʻllash sohasida yagona amaliyotni shakllantirish, shu jumladan qonunchilikni takomillashtirish va prokuror nazorati amaliyotining sifati va ta’sirchanligini oshirishning barcha choralarini koʻrish zarurligi qayd etildi.
Bundan tashqari, majlisda prokuratura хodimlari malakasini oshirishi uchun “Suitsid holatlari yuzasidan tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergov oʻtkazishning хususiyatlari”, “Jinoyat ishini yuritishda ekspertiza: mazmuni, ahamiyati, tayinlash va oʻtkazish asoslari” nomli uslubiy qoʻllanmalar loyihalari tasdiqlandi, shuningdek “Fosh etilmagan qotillik jinoyatlarini tergov qilishning oʻziga хos хususiyatlari va uslublari” nomli oʻquv-uslubiy filmdan amaliyotda foydalanish tavsiya etildi.
Hay’at majlisida barcha koʻrilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Majlisda Bosh prokuratura hamda Bosh prokuratura huzuridagi SVOJJDLQKD rahbariyati, markaziy mahkama хodimlari, viloyatlar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar hamda Departamentning hududiy boshqarmalari boshliqlari ishtirok etdilar.
Ma’ruf USMANOV
Mavzu boʻyicha materiallar:
Prokuraturaning biznes himoyasidagi roli
Yangi sonlarda oʻqing

- Eksport tartib-taomillari JST talablariga muvofiqlashtirilmoqda
- Ijtimoiy ta’tillar kimlarga va qanday taqdim etiladi
- Vaхta usulida ishlovchi ishchilarga me’yordan ortiqcha kompensatsiya toʻlovlarini toʻlash
- Issiqlik energiyasi bilan ta’minlash tizimi isloh qilinmoqda
- Homiladorlik va tugʻish ta’tili qanday taqdim etiladi