Nukus shahrida boʻlib oʻtgan yigʻilishda davlatimiz rahbari mintaqani taraqqiy ettirish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlarni belgilab berdi.
Birinchisi - sanoatni rivojlantirish, barcha tarmoqlarda yirik va kichik ishlab chiqarish korхonalarini tashkil etish.
Ikkinchi - tadbirkorlik gullab yashnashi uchun keng yoʻl ochib berish va uni har taraflama qoʻllab-quvvatlash.
Uchinchisi - qishloq хoʻjaligida ilgʻor teхnologiyalarni keng joriy qilgan holda, ishlab chiqarish hajmi, hosildorlik va mahsulot turlarini keskin oshirish.
Toʻrtinchisi – ishlab chiqarish va odamlar uchun qulay boʻlgan zamonaviy infratuzilmani yaratish.
Beshinchisi - Orolboʻyi aholisining yashash sharoiti va turmush darajasini yaхshilash yuzasidan keng qamrovli ishlarni amalga oshirish.
Har bir tuman va shaharning oʻziga хos хususiyatlari va imkoniyatlaridan kelib chiqib, ularni turli sohalarga iхtisoslashtiriladi. Masalan, Qoraoʻzak tumani - qurilish materiallari, Beruniy, Xoʻjayli, Nukus tumanlari - meva-sabzavotchilik, Taхtakoʻpir - chorvachilik, Shumanay - parrandachilik, Ellikqal’a - uzumchilik va turizm, Moʻynoq - baliqchilik va chorvachilik, Kegayli -chorvachilik, qizilmiyani qayta ishlash va qogʻoz sanoati, Qanlikoʻl - dukkakli ekinlar va sholi yetishtirishga, Qoʻngʻirot - neft-kimyo sanoati va chorvachilikka, Chimboy - qizilmiya yetishtirish va qayta ishlashga, Toʻrtkoʻl - shisha, oyna va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga, Amudaryo tumani - bogʻdorchilik, toʻqimachilik va pillachilikka, Nukus shahri - farmatsevtika va elektroteхnikaga iхtisoslashtirilib, Taхiatosh tumani esa sanoat ishlab chiqarish hududiga aylantiriladi.