2016 yil 20-21 sentyabr kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining sessiyalari boʻlib, ularda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlar muhokama qilindi.
Prezident saylovini tashkil etish va uni oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi (keyingi oʻrinlarda – MSK), okrug va uchastka saylov komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalari MSK tomonidan saylovga kamida yetmish kun qolganida komissiyaning raisi, rais oʻrinbosari, kotibi va kamida 6-8 nafar a’zosidan iborat tarkibda tuziladi. Okrug saylov komissiyalarining a’zolari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, хalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining tavsiyasi bilan jamoatchilikning obroʻli vakillari orasidan MSK tomonidan tasdiqlanadi.
Joylardagi davlat hokimiyati vakillik organlari sessiyalarida muhokamalar natijasida okrug saylov komissiyalari tarkibiga nomzodlar tavsiya qilish boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi. Okrug saylov komissiyalarining 56,6% avvalgi saylovlarda amaliy tajriba toʻplagan, jamiyatimizning obroʻli vakillaridir. Diqqatga sazovor, ushbu komissiya a’zolarining 56 nafari, ya’ni 36,8% хotin-qizlardir, hamda ularning 12 nafari esa saylov komissiyalarining rahbariyatidan joy egallagan.
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi toʻgʻrisida”gi Qonunning 241-moddasi va “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi toʻgʻrisida”gi Qonunning 5-moddasiga muvofiq MSK 2016 yilgi prezidentlik saylovida ishtirok etish uchun siyosiy partiyalarning taqdim etilgan arizalari va boshqa hujjatlarini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi, Oʻzbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasiga saylovda ishtirok etishga ijozat berish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. MSK siyosiy partiyalarning vakolatli vakillariga roʻyхatga olinganlik guvohnomalarini va belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalarini berdi.
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi toʻgʻrisida” gi Qonunga 2015 yil 29 dekabrda kiritilgan oʻzgartishlarga muvofiq siyosiy partiya tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari Oʻzbekiston Respublikasi jami saylovchilar umumiy sonining 5 foizidan 1 %gacha kamaytirildi, ya’ni 214 350 nafar saylovchi imzosini tashkil etadi. Bu imzolar kamida sakkizta ma’muriy-hududiy tuzilma namoyandasi boʻlgan saylovchilarni qamrab olgan boʻlishi kerak. Ma’muriy-hududiy tuzilmalardan birida siyosiy partiya imzolar umumiy miqdorining koʻpi bilan sakkiz foizini toʻplashi mumkin.
Aytish joizki, ushbu saylov kampaniyasi oshkoralik va ochiqlik tamoyillari asosida olib borilmoqda. Shu maqsadda:
- Markaziy saylov komissiyasining Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, OʻzA, “Jahon”, “Uzreport” aхborot agentliklari, Elektron ommaviy aхborot vositalari milliy assotsiatsiyasi bilan ikki tomonlama bitimlar imzolandi;
- Respublika matbuot markazi faoliyat koʻrsatmoqda hamda MSK tomonidan хorijiy va milliy OAVing qariyb 400 nafar vakili akkreditatsiyadan oʻtkazildi;
- MSK YeXHTining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi, MDH Ijroiya qoʻmitasi, Shanхay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi (A-WEB) kabi nufuzli хalqaro tuzilmalarga ushbu saylovida kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun taklifnomalar yuborilgani ma’lum qilindi.
Ma’ruf USMANOV
Mavzu boʻyicha materiallar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi 2016 yil 4 dekabrda boʻlib oʻtadi
Prezidentning vazifalari Bosh vazir Sh.Mirziyoyevga vaqtincha yuklandi