Siz ijaraga olgan ofis ta’mirlanishi kerak. Shu sababli ijara haqini kamaytirish mumkinmi va buni qanday amalga oshirish kerak?
Hujjatlarni rasmiylashtirish variantlari bilan harakatlarning ehtimoliy ssenariylarini buxgalter.uz oʻquvchilari uchun maхsus “Norma”ning yuridik masalalar boʻyicha eksperti Oleg ZAMANOV tavsiflab berdi:
- Umumiy qoidaga koʻra, ijara haqi miqdori tomonlarning kelishuvi bilan shartnomada nazarda tutilgan muddatlarda, lekin yiliga bir martadan koʻp boʻlmagan muddatda oʻzgartirilishi mumkin. Shuning uchun, avval shartnomangizning ijara toʻlovlarini oʻzgartirish tartibi va muddati toʻgʻrisida shartlarini oʻrganing. Vaziyatga koʻra, siz ularni ijaraga beruvchi bilan qoʻshimcha kelishuv tuzgan holda oʻzgartirishingiz mumkin.
Keyingi harakatlar mantigʻi va ketma-ketligi quyidagi holatlarga bogʻliq:
• kim shartnomaga binoan ijaraga olingan binolarni ta’mirlash xarajatlarini oʻz zimmasiga olishi va haqiqatda kim ularni qilishi shart;
• ta’mirlash ishlari qay tarzda ijaraga olingan binolardan foydalanish shartlariga ta’sir koʻrsatadi.
Bir nechta ehtimoliy ssenariylarni koʻrib chiqamiz.
1) Dastlab, shartnoma shartlariga binoan binolarni ta’mirlash xarajatlari ijaraga beruvchi tomonidan amalga oshiriladi
Tegishincha, u:
• yoki oʻz majburiyatlarini bajarishga tayyor (ta’mirlash ishlarini oʻzi bajarishi yoki pudratchi tashkilotni jalb qilishi - bu muhim emas). Bu holda, faqat ta’mirlash ishlari binolardan foydalanish shartlarini yomonlashtirgan taqdirda ijara haqini kamaytirish mumkin;
• binolarni ta’mirlash uchun moliyaviy imkoniyatlardan mahrum boʻlsa. Agar ta’mirlash ob’ektiv ravishda zarur boʻlsa va ijaraga oluvchi uning uchun haq toʻlashga tayyor boʻlsa, ijara shartnomasining dastlabki shartlariga tuzatishlar kiritish zarur:
a) ijaraga olingan binolarni ta’mirlash bilan bogʻliq xarajatlarni ijaraga oluvchi zimmasiga yuklash;
b) ijara haqini ta’mirlash xarajatlari summasiga mutanosib ravishda kamaytirish.
Misol. Ijaraga oluvchi ta’mirlash xarajatlarini oʻz zimmasiga oladi, ijara haqi kamayadi
Ijara muddati: 2020 yil 1 yanvardan - 31 dekabrgacha.
Ijara haqining dastlabki miqdori: oyiga 3 000 000 soʻm.
Ta’mirlash xarajatlari summasi: 12 000 000 soʻm.
Shartnoma shartlarini oʻzgartirish sanasi: 2020 yil 30 iyun.
Qolgan ijara muddati: 6 oy.
Qolgan muddat uchun ijara haqi miqdori: 1 000 000 soʻm oyiga ((3 million soʻm x 6 oy - 12 million soʻm): 6 oy).
Oʻzgarishlarni qanday rasmiylashtirish lozim (qoʻshimcha kelishuvda ifodalash)
1-variant:“2.1. Ijaraga oluvchi ijaraga olingan mol-mulkdan foydalanganlik uchun haqni Ijaraga beruvchining hisobvaragʻiga quyidagi miqdorlarda pul mablagʻlarini oʻtkazish yoʻli bilan toʻlashi shart:
2.1.1. 2020 yil 1 yanvardan 30 iyunga qadar boʻlgan davrda – oyiga 3 000 000 (uch million) soʻm;
2.1.2. 2020 yil 1 iyuldan 31 dekabrga qadar boʻlgan davrda – oyiga 1 000 000 (bir million) soʻm.”
2-variant: “2.1. Ijaraga oluvchi ijaraga olingan mol-mulkdan foydalanganlik uchun haqni ushbu shartnomaning 1-ilovasiga asosan Ijara haqini toʻlash jadvaliga muvofiq Ijaraga beruvchining hisobvaragʻiga pul mablagʻlarini oʻtkazish yoʻli bilan toʻlashi shart.”
Buxgalter.uz da batafsil oʻqing.