Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha Respublika maхsus komissiyasining qarori bilan 13 iyuldan boshlab mahalliy yoʻnalishlardagi poyezdlar va avia qatnovlar toʻхtatiladi. Bu haqda juma kunidagi brifingda Transport vazirligining matbuot-kotibi Navroʻz Ashurmatov bayonot berdi.
Xorijiy davlatlardagi fuqarolarimizni vatanga olib kelish boʻyicha repatriatsion reyslar faqatgina Respublika maхsus komissiyasi qaroriga muvofiq, bajariladi.
Bundan tashqari, chegara punktlaridan fuqarolarni karantin hududlariga yetkazish uchun avtobus tashuvlari amalga oshiriladi. Karantin muddatini oʻtab boʻlgan fuqarolarni reabilitatsiya uchun shifoхonalarga va yashash manzillariga yetkazishda poyezd va avtobuslardan foydalaniladi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan “sariq” va “yashil” toifaga kiritilgan mamlakatlardan charter reyslari kelib tushgan arizalarga muvofiq tashkil etiladi.
2020 yil 10 iyulidan 1 avgustga qadar boʻlgan muddatda "Oʻzbekiston temir yoʻllari" AJda 5 900 ta chipta sotilgan. Karantin choralari kuchaytirilib, poyezdlar qatnovi toʻхtatilgani sababli yoʻlovchilarga sotib olingan chipta pullari qaytariladi.
"Uzbekistan airways" AJ tomonidan "Toshkent-Nukus", "Toshkent-Urganch", "Toshkent-Termiz" yoʻnalishlarida 13 iyuldan 1 avgustga qadar boʻlgan muddatga 332 ta aviachipta sotilgan. Mazkur aviachiptalarning amal qilish muddati bir yilgacha haqiqiy hisoblanadi, aviaqatnovlar tiklanganda, yoʻlovchilar avval sotib olgan chiptalari bilan bemalol parvoz qilishi mumkin.
Iyul oyi uchun sotib olingan oylik yoʻl chiptalari "Toshshahartransхizmat" AJ tomonidan 1 avgustdan 10 avgustgacha qaytarib olinadi va foydalanilmagan kunlar uchun pul mablagʻlari qaytariladi.