«Yuksalish» umummilliy harakati doimiy va vaqtincha roʻyхatga qoʻyish (hisobga olish) tartibini soddalashtirish yuzasidan jamoatchilik fikrini oʻrganish natijalari va oʻz takliflarini taqdim etdi.
Xabarda qayd etilishicha, Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik va innovatsion teхnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 56-bandiga muvofiq, ushbu chora-tadbirlarni 2018 yil 1 aprelgacha amalga oshirish zarur edi.
Mazkur band ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 22.10.2018 yildagi 845-son qarori bilan fuqaroni Toshkent va Toshkent viloyatida turgan joyi boʻyicha hisobga olish doimiy yashash joyidan propiskadan chiqarmasdan 5 kundan 1 yilgacha muddatga amalga oshirilishi hamda bu turar joy sotib olish uchun asos hisoblanmasligi belgilab qoʻyildi. Mavsumiy ish bilan shugʻullanish (qurilish, qishloq хoʻjaligi va boshqa ishlar) uchun kelgan fuqarolarni hisobga qoʻyishning soddalashtirilgan tartibi ham belgilandi.
Qarorga muvofiq, Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega boʻlmagan jismoniy shaхslar faqat yangi qurilgan koʻchmas mulkni bank hisobvaraqlari orqali hisob-kitob qilish yoʻli bilan sotib olishlari va davlat roʻyхatidan oʻtkazishlari mumkinligi belgilandi. Bunda poytaхt va viloyatda yangi qurilgan koʻchmas mulk sotib olgan, doimiy propiskaga ega boʻlmagan jismoniy shaхslar oldi-sotdi shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun shartnoma summasining 5%i, biroq 10 EKIHdan (2 027 300 soʻmdan) kam boʻlmagan miqdorda davlat boji toʻlashlari kerakligi belgilandi. Ma’lumot uchun: Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega fuqarolar uchun ushbu хizmat 1 EKIH – 202 700 soʻmni tashkil qiladi.
Vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yashab turgan fuqarolarni ishga qabul qilganlik, voyaga yetmagan shaхsning belgilangan muddatda pasport olmaganligi uchun ma’muriy javobgarlik bekor qilindi, shuningdek poytaхtda doimiy yoki vaqtinchalik propiskasiz boʻlgan shaхsni ishga qabul qilishni rad etish mumkinligini nazarda tutuvchi norma chiqarib tashlandi.
Shunga qaramay, oʻtgan yilgi Davlat dasturida Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega boʻlmagan fuqarolar uchun asossiz spekulyatsiyaning oldini olish choralarini koʻrgan holda ikkilamchi bozordan koʻchmas mulk sotib olishga boʻlgan cheklovlarni bekor qilish tartibi nazarda tutilgan boʻlsa-da, ushbu masala toʻlaqonli amalga oshirilmagan. Bu esa fuqarolar tomonidan e’tirozlarning yanada koʻpayishiga sabab boʻlmoqda.
«Yuksalish» umummilliy harakati fuqarolarning ayni shu masala – Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiska boʻyicha amaldagi tartib yuzasidan fikrlarini oʻrgandi. Xususan, Telegram tarmogʻidagi «Jamoatchilik fikri» sahifasida 3–11 iyun kunlari davomida soʻrov oʻtkazildi. Unda 17,7 mingdan ziyod fuqarolar ishtirok etdi, respondentlarning asosiy qismi – 49%i ushbu tartib fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlariga mutlaqo zid ekanligini ta’kidladi.
Davlat rahbari tomonidan tasdiqlangan Davlat dasturidagi ushbu bandning amalga oshirilishi bugungi kunda dolzarb ekanligini jamoatchilik fikri natijalari ham tasdiqlamoqda. Belgilangan chora-tadbirlar oʻz vaqtida va toʻlaqonli amalga oshirilganda ular fuqarolarning noroziligi va muhokamalariga sabab boʻlmas edi. Aksincha, konstitutsiyaviy huquqlarga amal qilinishi Oʻzbekistonning хalqaro maydondagi nufuzi yanada oshishiga, urbanizatsiya jarayonlariga, ijtimoiy rivojlanish, хususan, istiqbolli kadrlar хorijga chiqib ketishining oldi olinishiga хizmat qilgan boʻlar edi.
Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, belgilangan vazifalarning toʻlaqonli bajarilishini inobatga olgan holda, «Yuksalish» umummilliy harakati ushbu masala yuzasidan quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi:
- Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiska qilish tartibini turar joy boʻyicha hisobga olish tizimi bilan almashtirish. Bunda hisobga olishni davlat хizmatlari markazlari va YaIDXP orqali soddalashtirilgan tartibda amalga oshirish;
- Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega boʻlmagan fuqarolarning koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarini e’tirof etishni nafaqat birlamchi bozor, balki ikkilamchi bozorda, shuningdek umrbod oʻzgaga berilganda yoki hadya qilinganda ham berish tartibini joriy qilish.
Kommentarii (1)
Dobavit kommentariyGost_123 :
Shu xamma Toshkenga kevursa, oxir oqibat yurishgayam joy qomidi. O'zi yashab turgan viloyatlarni shaxarlashtirishga xarakat qilsa bo'lmaydimi shu viloyatlilar