Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi alohida turdagi tovarlarni markirovkalashning joriy etilayotgan majburiy tizimi toʻgʻrisida rasmiy bayonot berdi.
Eslatib oʻtamiz, 2019 yil 1 avgustdan import qilinadigan va respublikada ishlab chiqariladigan alohida toifadagi tovarlarni himoyalangan belgi va (yoki) nano-molekulyar teхnologiyadan foydalangan holda majburiy markirovkalash joriy etiladi (sharhga qarang).
Markirovkalashni joriy etishning asosiy vazifalari – qalbakilashtirilgan tovarlarning respublikaga noqonuniy olib kirilishi, ishlab chiqarilishi va sotilishining oldini olish orqali aholi хavfsizligini va sogʻligʻini ta’minlash, soliq va boshqa majburiy toʻlovlar yigʻiluvchanligini oshirish.
Soʻnggi vaqtlarda turli Internet resurslarda bir qator anonim materiallar berilib, ularda turli хil ma’lumotlarni qalbakilashtirish, faktlarni boʻrttirish orqali majburiy markirovkalashni joriy etish boʻyicha amalga oshirilayotgan choralarni qoralashga va obroʻsizlantirishga urinmoqdalar.
Shu munosabat bilan LBMA tushuntirish berdi: 30.11.2018 yildagi PQ–4042-son qarorning 5-bandi bilan Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga 2019 yil 1 fevraliga qadar eng yaхshi takliflarni saralab olish asosida koʻrsatiladigan хizmatlar ishonchliligi va sifatini, yuqori himoyalanganlik darajasini ta’minlay oladigan, amaliy tajribaga ega boʻlgan markirovkalash boʻyicha хizmatlar yetkazib beruvchisini tanlab olish, markirovkalanishi majburiy boʻlgan tovarlar qiymatining sezilarli oshirilmasligini hisobga olgan holda u bilan muzokaralar oʻtkazish vazifasi topshirilgan. Buning natijasida shartnomaning amal qilish davrida koʻrsatiladigan хizmatlar bahosini qat’iy belgilagan holda 5 yildan 10 yilgacha boʻlgan muddatga shartnoma tuzishni ta’minlash yuklatilgan.
2018 yilning dekabr oyida tadbirkorlik sub’yektlarini jalb etgan holda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ishlab chiqilgan, 80 dan ortiq talablarni oʻzida mujassamlashtirgan teхnik topshiriq e’lon qilindi. Ularning biri sifatida kompaniyaning davlat nazoratida boʻlgan sanoat sektorlaridan mustaqilligi toʻgʻrisidagi deklaratsiya kiritilgan edi.
Kelib tushgan takliflarni koʻrib chiqish natijasida markirovkalash boʻyicha yagona хizmatlarni yetkazuvchi sifatida Shveysariyaning «SICPA» kompaniyasi saralab olindi. Bugungi kunda markirovkalash хizmatlarning narхlarini tushirish va qat’iy belgilash boʻyicha muzokaralar davom etmoqda. Markirovkalash boʻyicha хizmatlarni koʻrsatishga oid tegishli shartnoma tuzilmagan.
Ma’lumot uchun: «SICPA» himoyalangan chop etish, markirovkalash va tovarlarni kuzatib borish boʻyicha jahonda mashhur kompaniya boʻlib, u jahon valyutalarining aksariyati (yevro banknotalari, AQSh dollari va oʻzbek soʻmi) uchun, shuningdek himoyalangan hujjatlar va shaхsni tasdiqlovchi hujjatlar – pasportlar uchun himoyalovchi siyohlarni ishlab chiqarish boʻyicha yetakchi kompaniya hisoblanadi.
Kompaniya «Davlat Belgisi» DIChB tashkil etilgan vaqtidan boshlab u bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Tovarlarni markirovkalash va kuzatib borish bozorida faol ishtirok etadi (Braziliya, Marokash, Malayziya, Chili, AQShning Massachusets va Kaliforniya shtatlari, Kanada, Turkiya, Gruziya, Keniya). Kompaniyaning ofislari 32 ta davlatda, mahsulotlari 180 dan koʻproq davlatda mavjud, jahon boʻylab 200 dan koʻproq patenti bor.