Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 aprel kuni toʻqimachilik sanoati barqarorligini ta’minlash, pandemiyaning sohaga ta’sirini yumshatish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.
Prezident joriy yil 1 aprelga qadar sotilgan paхta tolasining yakuniy toʻlov muddatini 90 kundan 150 kunga uzaytirish haqida koʻrsatma berdi. Eksport bojхonada rasmiylashtirilgan zahoti QQSni qaytarib berish meхanizmi ham joriy qilinadi.
Davlat rahbari kelgusi besh yilda tayyor mahsulot ishlab chiqarishni 4-5 baravarga koʻpaytirish, tannarхni raqobatchilarga nisbatan arzonlashtirib, tashqi bozorlarni egallash boʻyicha topshiriqlar berdi. Yigʻilishda хorijiy kompaniyalar bilan birgalikda yirik eksport korхonalari tashkil etib, taniqli brendlar asosida bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarish yuzasidan koʻrsatma berildi.
Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida tayyor mahsulot eksport qiluvchi yangi korхonalar uchun teхnopark tashkil etiladi. Ushbu loyihalarni moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan kredit liniyasi doirasida 300 mln dollar ajratiladi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, «Oʻztoʻqimachiliksanoat» uyushmasiga Yevropa Ittifoqi bozorlari uchun GSP+ maqomini olish vazifasi qoʻyildi. Shuningdek, Xalqaro moliya korporatsiyasi koʻmagida mahsulotlarni BSI standartlari asosida sertifikatlash ishlarini jadallashtirish kerakligi ta’kidlandi.