Qonunchilik palatasining majlisida u birinchi oʻqishda qabul qilingan. 6 mart kuni «Milliy tiklanish» partiyasi tomonidan qonun loyihasining muhokamasiga bagʻishlangan ochiq muloqot oʻtkazildi.
Mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini rivojlantirishning qonuniy asoslari bugungi kun talablariga javob bermaydi. Shundan kelib chiqqan holda, «Turizm toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi tayyorlandi. U Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida birinchi oʻqishda qabul qilindi.
Hujjat Prezidentning 2018 yil 8 avgustdagi «Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida»gi PF-5505-son Farmonidan kelib chiqib takomillashtirildi: undagi havolaki normalar chiqarilib, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi moddalar kiritildi.
Qonun loyihasida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining idoraviy normativ-huquqiy hujjatlari normalari aks ettirilmoqda. Xususan, asosiy tushunchalar takomillashtirildi va qator yangi tushunchalar kiritildi. Masalan, «instruktor-yoʻlboshlovchi», «turistik mahsulot» hamda «turistik mahsulot buyurtmachisi», «iхtiyoriy turizm», «joylashtirish vositasi», «turistik yoʻnalish», «ekskursiyachi» va h.k.
Qonunda turizm faoliyatini tashkillashtirishni ta’minlaydigan turizm korхonalari — turizm operatorlari, agentliklari, firmalari, ekskursiya tashkilotlarining turizm faoliyatini amalga oshirish huquqi faqat litsenziya asosida olib borilishi belgilab qoʻyilmoqda. Turistik hudud va turistik klasterlar, ekskursiyachilar, gid, yoʻriqchi-yoʻlboshlovchilar sertifikati, turizm sohasida yagona reyestr, turistik mahsulotlarni sotish va boshqalar toʻgʻrisidagi normalar ham yangilik hisoblanadi.
Qonun loyihasini maromiga yetkazish jarayonida AQSh, Fransiya, Germaniya, Italiya, Angliya, Ispaniya, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon va boshqa davlatlarning turizm sohasidagi qonunchiligi oʻrganilib, tahlil qilindi. Xalqaro shartnomalarning amaliyotda qoʻllanishiga e’tibor qaratildi.
«Milliy tiklanish» partiyasi deputatlari yangi tahrirdagi «Turizm toʻgʻrisida»gi Qonun loyihasiga oʻz takliflarini bildirdilar va yaqin kunlarda uni Qonunchilik palatasining muhokamasiga kiritishni tavsiya etdilar.
Oliy majlis Qonunchilik palatasi
materiallari asosida.