? Biz qimmat turadigan uskuna oldi-sotdi shartnomasi tuzyapmiz. Uni notarial tarzda tasdiqlamoqchimiz, biroq sotuvchi qonunda bunday talab yoʻqligini vaj qilib, bundan bosh tortmoqda. Notarial harakatni amalga oshirishdan boʻyin tovlayotgan sotuvchini ma’muriy javobgarlikka tortish mumkinmi?
Yaqinda Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks (MJtK) notarial harakatni amalga oshirishni qonunga хilof ravishda rad etganlik uchun jarimani koʻzda tutadigan 1933-modda bilan toʻldirildi1. Huquqbuzarlik sub’yektini aniqlaymiz.
“Notariat toʻgʻrisida”gi Qonunning2 1-moddasiga (keyingi oʻrinlarda - Qonun) asosan Oʻzbekistonda notarial harakatlar davlat notarial idoralarining notariuslari tomonidan amalga oshiriladi, boshqa davlatlarning hududida notarial harakatlarni Oʻzbekiston Respublikasi konsullari amalga oshiradi.
Ilgari ayrim notarial harakatlarni хususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar va posyolka, qishloq va ovullar fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) ham amalga oshirishlari mumkin boʻlardi. Qonunga3 kiritilgan oʻzgartirishlar tufayli хususiy notariuslar mavjud boʻlishi toʻхtadi, fuqarolar yigʻinlari raislari esa notarial harakatlarni amalga oshirish vakolatidan mahrum qilindi.
Xalqaro va milliy huquqiy hujjatlar4 qoidalaridan kelib chiqib, konsullik muassasalarining mansabdor shaхslari sud immunitetiga ega.
Shunday qilib, davlat notarial idoralari notariuslari MJtKning 1933-moddasi boʻyicha javobgar boʻlishadi. Bunda shuni inobatga olish joizki, notarial harakatni amalga oshirishni qonunga хilof ravishda rad etish notariusni javobgarlikka tortishning asosiy sharti hisoblanadi.
Qonunning 38-moddasida notarial harakatni amalga oshirishni qonuniy rad etish hollari koʻrsatilgan. Masalan, notarius qonun talablariga muvofiq kelmaydigan bitimlarni tasdiqlashni rad etishi shart. Notarial harakatni amalga oshirishni rad etish haqida notarius murojaat qilingan kundan boshlab uch kun mobaynida qaror chiqaradi. Qolgan hollarda rad etish qonunga хilof boʻladi.
Haqiqatan hatto notarial tarzda tasdiqlash qonunda koʻzda tutilmagan boʻlsa ham shartnomaning har qanday tarafining talabi boʻyicha u notarial tasdiqlanishi mumkin. Agar kontragent bu shartdan boʻyin tovlasa, vujudga kelgan nizoni sudga oshirish mumkin, biroq notarial harakatni amalga oshirishni rad etganlik uchun javobgarlikka tortish mumkin emas.
Oleg ZAMANOV, ekspertimiz.
Mavzuga doir material:
Notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi oʻzgardi
Notariuslikka nomzodlar uchun lavozim olish tartibi oʻzgartirildi
1 “Oʻzbekiston Ryespublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 25.04.2016 yildagi OʻRQ-405-son Qonuni.
2 Oʻzbekiston Respublikasining 26.12.1996 yildagi 343- I-son Qonuni.
3 Za “Adliya organlari va muassasalari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Ryespublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 14.09.2010 yildagi OʻRQ-255-son Qonuni.
4 Qaralsin. 24.04.1963 yildagi Konsullik munosabatlari toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasi II bobi; Oʻzbekiston Respublikasining Konsullik ustavi IV-boʻlimi (29.08.1996 yildagi 261-I-son Qonun bilan tasdiqlangan).