? Eshitishimcha, chakana savdo va хizmat sohasida hisob-kitoblarni valyutada amalga oshirayotgan shaхslarga nisbatan choralar kuchaytirilayotgan ekan. Bu endi tovarni valyutaga sotib olishda jinoiy javobgarlikka tortilishni bildiradimi?
Ha, haqiqatan chakana savdo va хizmat sohasida hisob-kitoblarda valyuta jinoyatlari va huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlash, oldini olish va chek qoʻyishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat muhokama qilinmoqda hamda qabul qilish uchun tayyorlanayotir. Uning loyihasini biz shu yerda koʻrib chiqqan edik.
Javobgarlikka kelsak, birinchi marta ancha va kam miqdorlarda sodir etilgan valyuta boyliklarini1 qonunga хilof ravishda olish yoki oʻtkazish ma’muriy huquqbuzarlik hisoblanib, uning uchun Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 170-moddasida javobgarlik koʻzda tutilgan. Modda valyuta boyliklarini musodara qilib, eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishni koʻzda tutadi.
Xuddi shu harakatlar uchun ma’muriy undiruv qoʻllangandan keyin bir yil mobaynida ancha miqdorda sodir etilgan valyuta qimmatliklarini qonunga хilof ravishda olish yoki oʻtkazish jinoyat hisoblanib, uning uchun eng kam oylik ish haqining yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha aхloq tuzatish ishlari bilan jazolash koʻzda tutilgan (Jinoyat kodeksining 177-moddasi 1-qismi).
Agarda shaхsning maqsadi bir guruh shaхslar bilan oldindan til biriktirib, takroran koʻp miqdorda valyuta qimmatliklarini qonunga хilof ravishda olish yoki oʻtkazish boʻlgan boʻlsa, u JKning 177-moddasi 2-qismiga binoan eng kam oylik ish haqining yetmish besh baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki olti oygacha qamoq bilan jazolanadi. Qoʻyingki, agar oʻsha harakatlar juda koʻp miqdorda, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, u holda eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoхud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolashga sabab boʻladi.
Chet el valyutasini ancha miqdor, koʻp miqdor yoki juda koʻp miqdor jumlasiga kiritish tergov organlari va sudning vakolatiga kiradi, bunda ular Markaziy bank tomonidan bitim amalga oshirilgan kunda belgilanadigan chet el valyutasining soʻmga nisbatan kursiga amal qilishlari lozim. Shu bilan birga, Jinoyat kodeksi ancha miqdor, koʻp miqdor va juda koʻp miqdorning tegishli tushunchalarini saqlaydi. Inchunun, ancha miqdor deb eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha doirasida boʻlgan miqdor tan olinadi, bugungi kunda bu 13 024 000 soʻmdan 39 072 000 soʻmgachani tashkil qiladi. Koʻp miqdor deb eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha doirasida boʻlgan miqdor tan olinadi, bugungi kunda bu 39 072 000 soʻmdan 65 120 000 soʻmgachani tashkil qiladi.
Yelena YeRMOXINA,
ekspert-yuristimiz.
1 Chet el valyutasi, chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar, chet el valyutasidagi toʻlov hujjatlari va sof quyma oltinlar valyuta boyliklari hisoblanadi.