Moliya vazirligi Buхgalteriya hisobining milliy standarti “Asosiy vositalar” loyihasini ishlab chiqdi. Hujjat QHTBT portalida muhokama uchun joylashtirilgan.
Loyiha “Buхgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonunga, shuningdek Prezidentning 24.02.2020 yildagi “Moliyaviy hisobotning хalqaro standartlariga oʻtish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PQ-4611-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.
Xususan, yangi tahririda amortizatsiya hisoblashning yangi tartibiga oʻtish nazarda tutilmoqda. Agar amaldagi tartibga binoan asosiy vositalar boʻyicha amortizatsiya ajratmalarini hisoblash mazkur ob’yekt asosiy vositalar tarkibiga qabul qilingan oydan keyingi oyning dastlabki sanasidan boshlansa, loyiha boʻyicha – hisoblash asosiy vositalar balansga qabul qilingan kundan e’tiboran boshlanadi.
5-son BHMS “Asosiy vositalar”ning yangi tahriri davlat tilida tayyorlandi va tasdiqlanadi. Bundan tashqari, hujjat amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar sonini qisqartirishga qaratilgan. Unga asosiy vositalarni qayta baholash boʻyicha alohida normalar, shuningdek amaldagi Asosiy vositalar qiymatini balansdan chiqarish tartibi toʻgʻrisida nizom normalari kiritilgan.
Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Lola Abduazimova.