Ular QHTBT portalida e’lon qilingan Prezident Farmoni loyihasida bayon etilgan.
Ipoteka boʻyicha moliyalashtirishning barqaror tizimini yaratish vazifasini yangi tashkil etiladigan «Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» AJ zimmasiga yuklash taklif etilmoqda. Ushbu tashkilot aholining sifatli va arzon uy-joyga boʻlgan talabini qondirish uchun tijorat banklariga yetarli hajmda mablagʻ berilishini ta’minlashi nazarda tutilmoqda.
Kompaniya ipoteka kreditlari beradigan tijorat banklariga keyinchalik qayta moliyalashtirish uchun хalqaro institutlar, хorijiy banklar, mahalliy va хalqaro bozorlarning moliyaviy resurslarini jalb etadi. Institutsional investorlar orasida joylashtiriladigan qimmatli qogʻozlarni chiqarish moʻljallanmoqda. Ipoteka krediti berish va qayta moliyalashtirish sohasida uslubiyat va normativ hujjatlarni ishlab chiqishda koʻmaklashish ham kompaniya zimmasiga yuklatiladi.
Shuningdek 2020 yil 1 yanvardan harbiy хizmatchilar, ichki ishlar organlari хodimlari, sudyalar, koʻp bolali oilalar va boshqa ayrim toifadagi fuqarolarga uy-joy sertifikatlarini berish taklif etilmoqda. Ushbu sertifikatlar davlat byudjeti mablagʻlari bilan ta’minlanadi va ipoteka krediti vositasida sotib olinadigan uy-joy qiymatining bir qismini toʻlash uchun moʻljallanadi. Bu koʻrsatilgan toifadagi fuqarolarni uy-joy bilan ta’minlashga doir amaldagi dasturlarning oʻrnini bosadi. Uy-joy sertifikatlari tegishli toifadagi fuqarolarga qat’iy belgilangan summada faqat bir marta taqdim etiladi, uning miqdori har yili Vazirlar Mahkamasi qarori bilan belgilanadi.
2020 yil 1 yanvardan davlat dasturlari doirasida beriladigan yangi ipoteka kreditlari boʻyicha kreditlash shartlarini oʻzgartirish nazarda tutilgan. Chunonchi, buyurtmachi va bosh pudratchi sifatida dasturda ishtirok etuvchi kompaniyalar roʻyхati kengaytiriladi hamda Moliya vazirligi banklarga bergan kreditlar boʻyicha, shuningdek aholiga beriladigan ipoteka kreditlari boʻyicha imtiyozli davr 1 yilgacha qisqartiriladi. Ipoteka kreditlari boʻyicha qarz oluvchi – uy-joy egalari uchun foiz stavkasi qat’iy belgilangan 7%dan MBning qayta moliyalashtirish stavkasi darajasigacha oshiriladi.
Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Konstantin Mosin.