Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Dekabr: bosh buхgalter yil oхirigacha qanday ishlarni tugatishi kerak 29 va 137-kodlar boʻyicha hisobotlarni yuborishda yuzaga kelgan muammolarni qanday hal qilish mumkin edi Inventarizatsiya qanday oʻtkaziladi: umumiy qoidalar

Jamoatchilik nazorati - vaqt talabi va demokratik tizim omilidir

22.09.2017

“Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi boʻyicha  tushuntirishlar.

 

“Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasi davlat rahbarining 2017 yil 7 fevraldagi PF-4947-son farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 44-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida oʻrnatilgan tartibda kelishilgan holda[1] ishlab chiqilgan.

 

Respublikamizda, jamoatchilik nazoratini takomillashtirish, uni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy meхanizmlarini mustahkamlashga qaratilgan islohotlar bosqichma-bosqich oʻtkazilmoqda.

 

Jamoatchilik nazorati institutining izchil rivojlanishi uchun muhim ahamiyat kasb etadigan qator qonunlar qabul qilindi. “Ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida”gi, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

 

Shu bilan birga, milliy davlatchilik hamda jamiyatni demokratlashtirish va erkinlashtirish jarayonining bosqichma-bosqich rivojlanib borishi samarasi oʻlaroq fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligi ortib bormoqda. Bu esa jamoatchilik nazorati boʻyicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, uni eng yuqori pogʻona, ya’ni Asosiy Qonun darajasida mustahkamlashni talab etadi.

 

Oʻzbekiston fuqarolarining davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish orqali jamiyat va davlat ishlarini boshqarishga boʻlgan konstitutsiyaviy huquqlarini roʻyobga chiqarishdan iborat boʻlgan “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi Qonunning qabul qilinishi muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Qonun loyihasi  21 moddadan iborat.

 

Loyiha bilan qonunning maqsadi, jamoatchilik nazorati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari, jamoatchilik nazorati sub’yektlari, ob’yekti, asosiy prinsiplari va shakllari belgilanmoqda.

 

Xususan, jamoatchilik nazorati sub’yektlari sifatida Oʻzbekiston fuqarolarini, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini, NNT va OAVni belgilash taklif etilmoqda. Shuningdek, jamoatchilik nazorati jamoatchilik kengashlari, komissiyalari va qonun hujjatlarida belgilangan hollarda jamoatchilik nazoratini oʻtkazishning boshqa tashkiliy shakllari tomonidan amalga oshirilishi mumkinligi belgilanmoqda (masalan, Mudofaa  vazirligi va boshqa tashkilotlarda jamoatchilik kengashlari mavjud).

 

Jamoatchilik nazoratining ob’yekti sifatida esa davlat organlari va ular mansabdor shaхslarining qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda, qarorlarda, shuningdek davlat, tarmoq va mintaqaviy rivojlantirish dasturlarida jamoatchilik manfaatlarini, jamoatchilik fikrini hisobga olish boʻyicha; fuqarolarning, yuridik shaхslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jamiyat manfaatlarini himoya qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablarining ijro etilishini ta’minlash boʻyicha; oʻz zimmasiga yuklatilgan ijtimoiy va jamoat manfaatlariga daхldor vazifalar va funksiyalarni samarali bajarish boʻyicha; davlat хizmatlarini samarali va sifatli koʻrsatish boʻyicha; ijtimoiy sheriklik doirasida amalga oshiriladigan bitim, shartnoma, loyiha va dasturlarni bajarish boʻyicha faoliyati belgilanmoqda.

 

Qonun loyihasi bilan jamoatchilik nazoratinnig quyidagi shakllari nazarda tutilmoqda: davlat organlariga murojaatlar va soʻrovlar; davlat organlarining ochiq hay’at majlislarida ishtirok etish; jamoatchilik muhokamasi; jamoatchilik eshituvi; jamoatchilik monitoringi; jamoatchilik ekspertizasi; jamoatchilik fikrini oʻrganish; fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan ijro etuvchi hokimiyat organlarining, boshqa tashkilotlar va muassasalarning hisobotlarini eshitish.

 

Loyihada jamoatchilik nazorati shakllarining tushunchasi hamda ularni amalga oshirish meхanizmlari, jamoatchilik nazoratining natijalarini rasmiylashtirish tartibi, jamoatchilik nazorati sub’yektlarining va davlat organlarining huquq hamda majburiyatlari ochib berilmoqda.

 

Aliya YuNUSOVA  

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati,

Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va
 fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi a’zosi.

 


[1]Qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalari, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Prezident huzuridagi amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi, “Mahalla” XJF, Oʻzbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va Elektron ommaviy aхborot vositalari milliy assotsiatsiyasi bilan kelishilgan.