Koʻp kvartirali uylardagi joy mulkdorlarining majburiy badallari yoki toʻlovlari miqdorini belgilashda хarajatlarning tarkibini aniqlash tartibi toʻgʻrisida nizom loyihasi muhokamaga qoʻyildi.
Loyiha “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida”gi Qonunga va Prezidentning 2021 yil 19 iyundagi “Koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” PQ-5152-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.
Umumiy mol-mulkni saqlash boʻyicha umumiy хarajatlar umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish va uni ta’mirlash, shuningdek koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish bilan bogʻliq хarajatlardan iboratdir.
Joy mulkdorlarining umumiy mol-mulkni saqlash boʻyicha umumiy хarajatlarda ishtirok etish ulushi koʻp kvartirali uyning umumiy maydonidagi mulkdorga qarashli joy maydoni ulushiga mutanosib ravishda koʻp kvartirali uyning kadastr pasportiga muvofiq belgilanadi.
KKUdagi joy mulkdorlarining majburiy badallarini quyidagilarga sarflash rejalashtirilmoqda:
- umumiy mol-mulkga хizmat koʻrsatish, ularni ta’mirlash va saqlashga;
- boshqaruvga (ma’muriy хarajatlar);
- yer uchastkalarini obodonlashtirish, ularni saqlash va boshqarishga.
Oʻz navbatida, masalan, umumiy mol-mulkga хizmat koʻrsatish, ularni ta’mirlash va saqlash quyidagi ishlarni oʻz ichiga oladi:
- uy tomining gidroizolyatsiya qatlamini tiklash, hozirgi holatda talab qiladigan joylarni almashtirish, tomni toʻliq almashtirish;
- uyning fasad qismini rekonstruksiya qilish yoki uni almashtirish;
- lift uskunalarini ta’mirlash va boshqalar.
Joy mulkdorlarining majburiy badallari miqdori mulkdorlarning umumiy yigʻilishi qarori bilan belgilanadi.
Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Nargiza Vohidova.