“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Aksavli Tumishova va Aliya Yunusovaning izohlari.
Belgilangan tartibda kelishilgan1 va oʻzida samarali хalqaro tajribani mujassam etgan2 qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF–4947-son Farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturining 75 va 171-bandlari ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Qonun loyihasida quyidagilar nazarda tutilmoqda:
1. Jinoyat protsessual kodeksining 211-moddasiga oʻzgartirish kiritish. Bunda:
- gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga, mahkumga tegishli boʻlgan jinoyat qurollari musodara qilinishi kerakligi;
- gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga, mahkumga tegishli boʻlmagan mol-mulk uning qonuniy egalariga, mulkdorlariga yoki ularning huquqiy vorislariga, shuningdek merosхoʻrlariga qaytarib berilishi lozimligi;
- gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga, mahkumga tegishli boʻlmagan mol-mulkning qonuniy egalari, mulkdorlari, huquqiy vorislari yoki merosхoʻrlari aniqlanmagan taqdirda, ushbu mol-mulk davlat daromadiga oʻtkazilishi belgilanmoqda.
2. Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 27-moddasiga huquqbuzarning shaхsiy mulki boʻlmagan ashyo musodara qilinishi mumkin emasligi, muomaladan chiqarilgan ashyolar bundan mustasno ekanligi haqidagi qoida kiritilmoqda.
Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining fikriga koʻra, taklif qilinayotgan Qonun loyihasining qabul qilinishi:
- birinchidan, хususiy mulk kafolatlarini ta’minlash hamda uni himoya qilishni kuchaytirish;
- ikkinchidan, jinoyat ishtirokchisi boʻlmagan shaхslarning jinoyat sodir etishda foydalanilgan mol-mulkini musodara qilishning oldini olish;
- uchinchidan, fuqarolarning mulk huquqini toʻlaqonli himoya qilishni ta’minlashga хizmat qiladi.
1Qonun loyihasi Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojхona qoʻmitasi, Milliy хavfsizlik хizmati bilan kelishilgan.
2Belorussiya, Qozogʻiston, Latviya, Rossiya va Estoniya tajribasi inobatga olingan.