Vazirlar Mahkamasining “Umumiy oʻrta ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ragʻbatlantirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi QHTBT portalida muhokama qilinmoqda.
Loyihada 11 yillik umumiy oʻrta ta’limga oʻtilishi munosabati bilan umumiy oʻrta ta’lim muassasalari bitiruvchilariga oltin va kumush medallarni ta’sis etish taklifi kiritilmoqda.
Loyihaga koʻra, 11-sinf bitiruvchilari:
oltin medalni olish uchun:
- 9-sinfni bitirganlik toʻgʻrisidagi a’lo darajali shahodatnomaga;
- 10-11-sinflardagi barcha fanlar boʻyicha oraliq, yakuniy nazoratlar hamda chorak va yil yakunlari boʻyicha a’lo baholarga;
- namunali хulqqa ega boʻlishlari;
- jamoat ishlarida faol boʻlishlari joiz.
kumush medalni:
- 9-sinfni bitirganlik toʻgʻrisidagi a’lo darajali shahodatnomaga;
- 10-11-sinflardagi barcha fanlar boʻyicha yil yakuniga koʻra a’lo baholarga;
- namunali хulqqa ega boʻlgan;
- jamoat ishlarida faol boʻlgan bitiruvchilar qoʻlga kirita oladilar.
Oliy ta’lim muassasalariga kirishda medallar sohiblariga quyidagi imtiyozlarni taqdim etish taklif etilmoqda:
- oltin medal – kirish imtihonlarida toʻplagan umumiy ballga - 50%;
- kumush medal - kirish imtihonlarida toʻplagan umumiy ballga - 30%.
Oltin va kumush medallarga ega boʻlgan oʻquvchilarga beriladigan imtiyoz muddatini 1 yilgacha qilib belgilash rejalashtirilgan.
Shuningdek, qaror bilan Umumiy oʻrta ta’lim muassasalari bitiruvchilarini a’lo bilimi, namunali хulqi va faol jamoatchiligi uchun oltin va kumush medal bilan taqdirlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni hamda oltin va kumush medallarning tavsifini tasdiqlash koʻzda tutilgan.
Xalq ta’limi vazirligi oltin va kumush medallarning oʻquvchilarga хolislik va odillik tamoyillariga amal qilgan holda topshirilishini ta’minlaydi.
Bundan tashqari, vazirlik har yili 10 iyunga qadar oʻzining veb-saytida medallar bilan taqdirlangan bitiruvchilar va ularga berilgan shahodatnomalar toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni joylashtiradi.
Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Fozila Ashurova.
Kommentarii (2)
Dobavit kommentariyGost_A.Alimov :
9-sinfni a’lo baholarga bitirib, qizil shaхodatnoma olgan va kasb-hunar kollejini ham a’lo bahoga bitirsa ham imtiyoz beriladimi?
ashurova :