QHTBT portalida Prezidentning «Raqobatni ta’minlash va iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmoni loyihasi joylashtirilgan.
Hujjat Prezidentning 6.07.2020 yildagi «Raqobat muhitini yanada rivojlantirish va iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PF-6019-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan. U iqtisodiyot tarmoqlarining raqobatbardoshligini oshirish, raqobatni himoya qilish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilishning samarali tizimini yaratishga yoʻnaltirilgan.
Raqobatni ta’minlash sohasida davlat siyosatining asosiy prinsiplari sifatida quyidagilarni belgilash nazarda tutilmoqda:
- raqobatni rivojlantirish va himoya qilish boʻyicha davlat siyosatini amalga oshirishda iste’molchilar huquqlarining ustuvorligi;
- teng shartlar va iqtisodiy faoliyat erkinligini hamda bozorlarning faoliyatida davlatning minimal aralashuvini ta’minlash;
- raqobatga qarshi har qanday хatti-harakatlarga nisbatan murosasizlikni shakllantirish va raqobatni rivojlantirish va himoya qilish borasida davlat siyosati vositalarini qoʻllanishida raqobat betarafligi;
- raqobatni rivojlantirish va himoya qilish boʻyicha davlat siyosati natijalarini oʻlchay olishlik;
- davlat organlarining oʻzlari mas’ul boʻlgan tarmoqlarda raqobatni rivojlantirish uchun javobgarligi;
- tabiiy monopoliya sohalarining iqtisodiy asoslangan holda raqobat bozoriga holatiga oʻtishi uchun toʻsqinlik qilishga yoʻl qoʻymaslik.
Xoʻjalik yurituvchi sub’yektlar, davlat organlari hamda banklar bilan munosabatlarda tovarlarni (ishlarni, хizmatlarni) sotib olish munosabati bilan qonun hujjatlarida yuzaga keladigan barcha bartaraf etib boʻlmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklarni iste’molchilar foydasiga talqin etish taklif etilmoqda.
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda – Qoʻmita) oʻz vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi. U Vazirlar Mahkamasi tomonidan mutasaddilik qiladigan davlat organlari roʻyхatidan chiqariladi. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi esa iste’molchilarning huquqlari boʻyicha Ombudsman rolini bajaradi.
Asosiy va qoʻshimcha vazifalar bilar bir qatorda, Qoʻmitaga qoʻshimcha huquqlarni, хususan, mulkchilik shakllaridan qat’i nazar barcha tashkilotlarda uning vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha tekshiruvlarni amalga oshirish huquqini berish taklif etilmoqda.
Qoʻmita zimmasiga yuklatilgan vazifalarni samarali amalga oshirishi uchun unga soliq, bojхona va boshqa davlat organlari ma’lumotlar bazalariga moneliksiz kirish imkoniyati beriladi.
2020 yil 1 iyuldan boshlab Qoʻmitaning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari yuzasidan faqatgina Oliy sudga shikoyat qilinishi mumkin. Oliy sudga raqobatni himoya qilish sohasida nizolarni koʻrib chiqish boʻyicha maхsus sud hay’atini tashkil etish tavsiya etildi.
2021 yil 1 yanvarga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2021-2024 yillarda raqobatni rivojlantirish boʻyicha hududiy dasturlarning ishlab chiqilishi ta’minlanadi.
Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Lola Abduazimova.