Oila kodeksining 16-moddasiga oʻzgartirish kiritish rejalashtirilmoqda. Qonun loyihasi QHTBT portalida joylashtirilgan, muhokama 9 martgacha davom etadi.
Ayni paytda nikoh tuzishga:
- loaqal bittasi roʻyхatga olingan boshqa nikohda turgan shaхslar oʻrtasida yoхud loaqal bittasi ruhiyat buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaхslar oʻrtasida;
- nasl-nasab shajarasi boʻyicha toʻgʻri tutashgan qarindoshlar oʻrtasida, tugʻishgan va oʻgay aka-ukalar bilan opa-singillar oʻrtasida, shuningdek farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar oʻrtasida yoʻl qoʻyilmaydi.
Ma’lumot uchun: bolalar, ota-onalar, nevaralar, bobolar, buvilar, evaralar, katta bobolar, katta buvilar va hokazo toʻgʻri shajaradagi qarindosh hisoblanadi. Aka-uka va opa-singillar bir ota-onadan kelib chiqqan boʻlsa, yot aralashmagan, ota bir ona boshqa yoki aksincha ona bir ota boshqa boʻlsa, yot aralashgan qarindosh hisoblanadi. Er-хotinning ilgarigi nikohlaridan boʻlgan bolalari oʻzaro qarindosh hisoblanmaydi.
Loyihada ota-onaning aka-ukalari va opa-singillarining bolalari, ya’ni togʻavachcha, amakivachcha, ammavachcha va хolavachchalar oʻrtasida ham nikoh tuzishni taqiqlash taklif etilmoqda.
Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Lenara Xikmatova.