Ilgari хabar qilganimizdek, QHTBT portalida Prezidentning «Oʻrta biznesni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori loyihasi e’lon qilingan edi. Shu kunlar ichida bildirilgan fikr-mulohazalarni hisobga olgan holda Soliq kodeksining yangi tahririga koʻra tuzatish kiritilgan loyiha portalda e’lon qilindi.
Xususan, moliya vaziri oʻrinbosari Dilshod Sultonovning fikricha, QQS zanjirini toʻlaqonli ta’minlash uchun uni barcha ishtirokchilar toʻlashi zarur, chunki uzilish keyingi boʻgʻinning soliq yukini oshiradi. Ushbu boʻgʻin korхonalari uchun QQS «oborot soligʻi»ga aylanib qoladi.
Qaror loyihasining yangi tahririda «Kichik biznes sub’yektlariga taqdim etiladigan barcha imtiyozlar oʻrta biznesga ham qoʻllaniladi. Yillik oboroti 1 mlrd soʻmdan 3 mlrd soʻmgacha boʻlgan oʻrta biznes sub’yektlari QQS toʻlashdan ozod etiladi» degan band chiqarib tashlangan.
Shu tariqa, qaror loyihasiga muvofiq oʻrta biznesga imtiyoz, shu jumladan QQS boʻyicha imtiyoz qoʻllanilmaydi.
Lola Abduazimova.