Mamlakatimiz aholisining yarmidan koʻpini yoshlar tashkil qiladi. Shuning uchun davlat hamda jamiyat tomonidan ushbu qatlamga alohida e’tibor qaratilib, katta moddiy-ma’naviy kuch sarflab kelinmoqda.
Bunga yaqqol misol sifatida “Hukumat bolalar nigohida” veb-saytining ishga tushirilishini keltirsak boʻladi (davlat va rus tillarida). Ya’ni, joriy yilning iyun oyi oʻrtalarida internet tarmogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumat portali doirasida “Hukumat bolalar nigohida” veb-sayti (www.kids.gov.uz) ishga tushirildi (chet elda, jumladan Amerika va Yevropa qit’alarida ham shunday saytlar mavjud).
Mazkur veb-sayt 2016 yil Oʻzbekiston Respublikasida «Sogʻlom ona va bola yili» deb e’lon qilinganligi munosabati bilan hamda aхborot-kommunikatsiya teхnologiyalarini (AKT) amaliyotga keng joriy etgan holda barkamol avlodni tarbiyalash yuzasidan olib borilayotgan keng koʻlamli ishlarni mantiqiy davom ettirish, bolalarni “Davlat” va “Hukumat” tushunchalari, shuningdek Oʻzbekiston toʻgʻrisida umumiy ma’lumotlar bilan yaqindan tanishtirish, ularning siyosiy va huquqiy bilimlarini shakllantirish maqsadida yaratildi.
Ushbu veb-sayt Oʻzbekiston Respublikasi Aхborot teхnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining UZINFOCOM kompyuter va aхborot teхnologiyalarini rivojlantirish hamda joriy etish markazi tomonidan ishlab chiqildi.
Yaritilgan veb-sayt 6-12 yoshdagi bolalar uchun moʻljallangan boʻlib, undan boshlangʻich sinf oʻquvchilari dars jarayonlarida foydalanishlari mumkin. Unda Oʻzbekiston hamda mamlakatimiz Davlat hokimiyati tizimi toʻgʻrisidagi umumiy ma’lumotlar sodda va loʻnda matnlar va rasmlar yordamida tasvirlab berilgan.
“Hukumat bolalar nigohida” veb-sayti yurtimizda ishlab chiqilgan shu turkumdagi ilk loyiha (10-ta bosqichdan iborat) boʻlganligi sababli u kelajakda kelib tushgan takliflar asosida yanada boyitilib va takomillashtirilib borilishi nazarda tutilgan.
Ishlab chiquvchilar va foydalanuvchilar mazkur veb-sayt Oʻzbekiston bolajonlariga manzur keladi va ularning bilimlarini boyitishda qoʻl keladi deb ishonch bildirishmoqda.
Elbek ShUKUROV,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi deputati, OʻzLiDeP fraksiyasi a’zosi.
Mavzu boʻyicha materiallar:
Elektron tijoratni rivojlantirish chora-tadbirlari belgilandi
Oʻzbekiston Hukumati ishining samaradorligi va shaffofligi yanada oshadi
Telekommunikatsiyasiz rivojlanish boʻlmaydi!