Prezident tomonidan 28.01.2022 yildagi “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarini moddiy qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-58-son Farmon imzolandi.
Hujjat aholini manzilli ijtimoiy himoya qilish va moddiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish, koʻmakka muhtoj fuqarolarga va yolgʻiz keksalarga pul yordami koʻrsatish koʻlamini kengaytirish va samaradorligini yanada oshirish maqsadida qabul qilingan.
Hujjat bilan belgilanishicha, 2022 yil 1 martdan boshlab:
- kompensatsiya toʻlovi, uni olish huquqiga ega boʻlgan barcha imtiyozli toifadagi shaхslarga, ushbu shaхslarning pensiya (ijtimoiy nafaqa) olishi yoki olmasligi hamda mehnat faoliyatini olib borishi yoki olib bormasligidan qat’i nazar toʻlab boriladi;
- ijtimoiy nafaqa oluvchi oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz shaхslarga kompensatsiya toʻlovi joriy etiladi - pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 45%i miqdorida;
- yoshi 100 ga toʻlgan va undan oshgan ijtimoiy nafaqa oluvchi shaхslar uchun har oyda - pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 100%i miqdorida qoʻshimcha toʻlov belgilanadi.
Bunda, 100 yoshga toʻlgan va undan oshgan fuqarolar nafaqasiga har oyda toʻlanadigan qoʻshimcha toʻlov pensiya va nafaqa tayinlangan tashkilot orqali respublika byudjeti va byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
Eslatib oʻtamiz, Prezidentning 2003 yil 27 martdagi "2003 yilning 1 aprelidan boshlab uy-joy-kommunal хizmatlar haqini toʻlash boʻyicha beriladigan imtiyozlar oʻrniga kompensatsiya pul toʻlovlarini joriy etish toʻgʻrisida"gi PF-3227-son Farmoniga muvofiq imtiyozli toifadagi shaхslar uchun uy-joy-kommunal хizmatlar haqini toʻlash boʻyicha qonunchilik asosida beriladigan imtiyozlar oʻrniga oylik kompensatsiya pul toʻlovlari joriy etilgan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 28.01.2022 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.