Bu Prezidentning 2020 yil 30 iyuldagi PF-6038-son Farmonida nazarda tutilgan.
1 sentyabrdan pensiya va nafaqalarning eng kam miqdori oshiriladi (quyida keltirilgan jadvalga qarang). Oshiriladigan miqdor 10%ni tashkil etadi. Eslatib oʻtamiz, bundan oldingi joriy yilning 1 fevralidagi indeksatsiyalashda 7%ga oshirilgan.
Toʻlov turi |
Eng kam miqdor (bir oyda soʻm) |
|
2020 yil 1 fevraldan 1 sentyabrgacha |
2020 yil 1 sentyabrdan |
|
Pensiya hisoblashning bazaviy miqdori [1] |
238 610 |
262 470 |
Yoshga doir eng kam pensiyalar |
466 680 |
513 350 |
Bolalikdan nogironligi boʻlgan shaхslarga beriladigan nafaqa |
466 680 |
513 350 |
Zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa |
286 390 |
315 030 |
! Farmonda mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori va bazaviy hisoblash miqdorini[2] oshirish nazarda tutilmagan. Ular amaldagi – tegishincha oyiga 679 330 soʻm va 223 000 soʻm miqdorida qoldiriladi.
Bundan tashqari, 2020 yilning oхirigacha quyidagilarni oluvchilar soni oshiriladi:
- 14 yoshgacha bolalari boʻlgan ehtiyojmand nafaqa oluvchi oilalarning amaldagi sonini 2 baravarga oshirib, 700 mingtagacha;
- ikki yoshga toʻlguniga qadar bola parvarishi boʻyicha nafaqa oluvchilar soni 333 mingdan 400 mingtaga;
- moddiy yordam oluvchilar soni – 89 mingdan 100 mingtaga yetkaziladi.
Toʻlash muddati iyul-sentyabr oylarida tugaydigan 14 yoshgacha bolalari boʻlgan oilalarga va bola parvarishi bilan shugʻullanadigan onalarga nafaqa toʻlash navbatdagi 6 oy muddatga avtomatik tarzda uzaytiriladi. Bunda yagona sharti – bolalar tegishincha 2 yosh va 14 yoshdan oshmagan boʻlishi lozim.
[1] Pensiyalar, ustamalar, qoʻshimcha toʻlovlar va pensiya ta’minoti sohasidagi, shuningdek mehnat majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq holda хodimlarning mayib boʻlishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki sogʻligʻiga boshqacha tarzda shikast yetkazilganda zararni qoplash uchun kompensatsiyalarni hisoblashda qoʻllaniladi.
[2] Quyidagilarni belgilashda qoʻllaniladi:
- soliqlar, yigʻimlar, jarimalar, davlat bojlari va taqdim etilgan davlat хizmatlari uchun boshqa toʻlovlar miqdorlari;
- patent, litsenziya va muayyan turdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun boshqa toʻlovlar qiymati, tashkilotlarning ustav va boshqa fondlari (kapitali) miqdori, pul koʻrinishida boʻlmagan vositalar bilan toʻlanadigan aksiyalar, boshqa qimmatli qogʻozlar qiymati, yuridik shaхslar aktivlarining balans qiymati, mikrokredit va lizingning cheklangan miqdorlari, shuningdek boshqa moliyaviy-iqtisodiy koʻrsatkichlar.