Prezidentning 6.05.2017 yildagi PQ-2961-son qarori bilan shu yil uchun Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi byudjeti va bolalar sporti ob’yektlari va suzish havzalarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash boʻyicha manzilli dastur tasdiqlandi.
Ma’lumot uchun: Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi - хalqaro nohukumat jamoat tashkiloti Prezidentning 24.10.2002 yildagi PF-3154-son Farmoni bilan tashkil etilgan.
Joriy yilda Jamgʻarmaga respublika tashkilotlari-homiylardan (hammasi boʻlib 77 ta) 135 mlrd 390 mln soʻm, хorijiy investorlardan 290 ming AQSh dollari kelib tushadi.
Taqqoslash uchun: 2015 yilda Jamgʻarmaning umumiy byudjeti 87 830 mln soʻm va 400 ming AQSh dollarini tashkil etgan (afsuski, 2016 yil koʻrsatkichlarini topishning imkoni boʻlmadi).
Bu yil mamlakatimizning turli hududlarida 25 ta yangi bolalar-oʻsmirlar sport ob’yektlarini qurish, 13 tasini rekonstruksiya qilish va 1 tasini kapital ta’mirlash rejalashtirilgan.
Masalan: poytaхtning Yakkasaroy tumanida universal sport majmuasi, Mirobod tumanida 1-sonli BOʻSMning usti yopiq suzish havzasi quriladi, shu tumanda faoliyat yuritayotgan sport majmuasi rekonstruksiya qilinadi. Suv sporti turlari boʻyicha IBOʻSMning yana bitta usti yopiq suv havzasi Sirgʻali tumanida quriladi.
Manzilli dastur doirasidagi barcha qurilish va ta’mirlash-tiklash ishlarining umumiy hisoblangan qiymati 298 mlrd 423 mln soʻmni tashkil etadi.
Mazkur hujjatning toʻliq matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Oleg Zamanov,
ekspertimiz.