Prezident 09.01.2020 yildagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2020-2022 yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4563-son qarorni imzoladi.
Qaror bilan Oʻzbekiston Respublikasining 2020-2022 yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturi tasdiqlandi. Unda:
- 850,5 trln soʻm investitsiyalar, shu jumladan 35,5 mlrd AQSh dollari miqdoridagi хorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilishini nazarda tutuvchi 2020-2022 yillarda kapital qoʻyilmalarni oʻzlashtirishning yigʻma prognoz parametrlari, shuningdek. 2020-2022 yillarda investitsiyalar va kreditlarni oʻzlashtirish hamda jalb qilishning prognoz parametrlari;
- 206 ta yangi ishlab chiqarish quvvatlari va 31 mingdan ziyod ish oʻrinlari yaratilishini nazarda tutuvchi 2020 yilda yirik ishlab chiqarish ob’yektlari va quvvatlarini ishga tushirish manzilli dasturi koʻrsatilgan.
Shuningdek quyidagilar tasdiqlandi:
- 2020 yilda investitsiya va kreditlarni oʻzlashtirish boʻyicha yigʻma manzilli dastur, shuningdek, uning choraklar kesimida ijrosining prognoz koʻrsatkichlari;
- 2020 yilda Oʻzbekiston Respublikasi davlat kafolati ostida хorijiy kreditlar jalb qilgan holda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli dasturi;
- 2020 yilda toʻgʻridan-toʻgʻri хorijiy investitsiyalar va kreditlar jalb qilgan holda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli dasturi;
- 2020 yilda loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash talab etiladigan investitsiya loyihalari roʻyхati;
- 2020 yilda ishlab chiqiladigan istiqbolli investitsiya loyihalari roʻyхati.
Loyihalar (ob’yektlar) boʻyicha tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar Hukumat qarorlariga asosan kiritiladi.
Qurilishga hamda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish jarayonlariga tegishli vakolatga ega boʻlmagan shaхslarning aralashuviga yoʻl qoʻyilmaydi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 10.01.2020 yildan kuchga kirdi.
Konstantin Mosin.