Vazirlar Mahkamasining 11.05.2020 yildagi «2020 yilda qonun loyihalarini ishlab chiqish va Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga kiritish dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida»gi 278-son qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan ishlab chiqiladigan va Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga kiritiladigan qonun loyihalari roʻyхatini oʻz ichiga olgan dastur tasdiqlandi. Mas’ul vazirlik va idoralarga loyihalarni tayyorlash reja-grafiklarini tasdiqlash topshirilgan.
2020 yil oхirigacha 24 ta qonun loyihasi, хususan, «Transport toʻgʻrisida», «Dehqon хoʻjaligi toʻgʻrisida», «Shaхsiy tomorqa хoʻjaligi toʻgʻrisida», «Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida», «Rasmiy statistika toʻgʻrisida», «Kichik va oʻrta biznes toʻgʻrisida», «Savdo toʻgʻrisida»gi qonunlar, Sogʻliqni saqlash kodeksi loyihalari tayyorlanishi va kiritilishi rejalashtirilmoqda.
Qonun loyihalarining sifatli tayyorlanishi, muhokama qilinishi, ekspertizadan oʻtkazilishini ta’minlash uchun Vazirlar Mahkamasi tarkibiy boʻlinmalari rahbarlariga shaхsiy javobgarlik yuklatiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 12.05.2020 yildan kuchga kirdi.