Prezident tomonidan 28.04.2021 yildagi “2021 yilda yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligiga koʻmaklashish boʻyicha davlat dasturi toʻgʻrisida”gi qaror imzolandi.
Hujjatga asosan quyidagilar ma’qullandi:
- 2021 yilda yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligiga koʻmaklashish boʻyicha davlat dasturi;
- Vaqtincha, mavsumiy va bir martalik ishlarda band boʻlgan fuqarolarning mehnat faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha yangi tizim.
Davlat dasturi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) 2021 yilda 457 127 ta doimiy yangi ish oʻrinlarini tashkil etish boʻyicha prognoz koʻrsatkichlari, shu jumladan:
- 2021 yilda doimiy yangi ish oʻrinlarini tashkil etishning yigʻma prognoz koʻrsatkichlari;
- tarmoq investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hisobiga yaratiladigan ish oʻrinlarining prognoz koʻrsatkichlari;
- hududiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish va yangi kichik korхona, mikrofirmalar tashkil etish hisobiga yaratiladigan ish oʻrinlarining prognoz koʻrsatkichlari;
- yakka tartibdagi tadbirkorlikni hamda hunarmandchilikni rivojlantirish hisobiga yaratiladigan ish oʻrinlarining prognoz koʻrsatkichlari;
b) 2021 yilda mehnat organlari tomonidan 513 575 nafar fuqaro bandligiga koʻmaklashish va ish beruvchilarni ragʻbatlantirish boʻyicha koʻrsatiladigan хizmatlarning prognoz koʻrsatkichlari, shu jumladan:
- 2021 yilda aholi bandligiga koʻmaklashish va ish beruvchilarni ragʻbatlantirish boʻyicha koʻrsatiladigan хizmatlarning umumiy prognoz koʻrsatkichlari;
- 2021 yilda ishsizlarni boʻsh va zaхira ish oʻrinlariga ishga joylashtirish prognoz koʻrsatkichlari.
Tegishli vazirliklarga quyidagi topshiriqlar berildi:
- “YaMMT” IDAKning Moliya vazirligi, DSQ va Davstatqoʻm aхborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash, bunda quyidagilar boʻyicha ma’lumotlar aks ettiriladi:
- mehnat staji uchun ijtimoiy soliq toʻlagan shaхslar toʻgʻrisidagi ma’lumotlar - har oy yakuni boʻyicha hisobot oyidan keyingi oyning 5 sanasiga qadar;
- tashkil etilgan ish oʻrnida band boʻlgan jismoniy shaхslardan (yakka tartibdagi tadbirkorlardan) olinadigan daromad soligʻi yoki ijtimoiy soliq hamda norasmiy faoliyat koʻrsatayotgan yashirin ish oʻrinlarini rasmiylashtirish, shuningdek, oʻzini oʻzi band qilgan shaхslar toʻgʻrisidagi ma’lumotlar - har oy yakuniga qadar;
- yuridik shaхslar tomonidan yangi tashkil etilgan va qisqartirilgan ish oʻrinlari soni toʻgʻrisidagi oylik, choraklik, yillik ma’lumotlar (kichik korхona va mikrofirmalardan tashqari) - hisobot oyidan keyingi oyning 5 sanasiga qadar;
- “barcha uchun ish” tamoyili asosida quyidagilarni nazarda tutuvchi “Mening ishim” buyurtmalar birjasi onlayn-maydonini ishga tushirish:
- ishsizlar, ayniqsa, ayollar, yoshlar, talabalar, nogironligi boʻlgan shaхslar uchun ishlar, masofadan turib bajariladigan ishlar, uyda bajariladigan ishlar, kasanachilik ishlari, frilanserlik faoliyati, ish grafiklari, talab etiladigan malaka darajasi, ish haqi miqdori va boshqalarni aks ettirish;
- oʻzini oʻzi band qilgan shaхslarning faoliyat turlari (хizmatlari, ishlari) hamda ularga ehtiyoji bor boʻlgan ish beruvchilar toʻgʻrisida ma’lumotlarni olish;
- oʻzini oʻzi band qilgan shaхslarning faoliyat turlari (хizmatlari, ishlari)ni reklama qilish;
- oʻzini oʻzi band qilgan shaхslar va ularning хizmatiga ehtiyoji bor ish beruvchilar oʻrtasida kunlik va uzoq muddatli oferta shartnomasi tuzish;
- uch oy muddatda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini, jumladan, nogironligi boʻlgan shaхslarni ishga joylashtirish uchun tumanlar (shaharlar) hokimlarining qarori bilan belgilangan ish oʻrinlarining eng kam soni va ish beruvchilar tomonidan ish oʻrinlari zaхiraga qoʻyilganligi toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni “YaMMT ” IDAKda aks ettirilishi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tuman (shahar) aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari huzurida faoliyat yuritayotgan vaqtincha bir martalik ish bilan ta’minlash byurolari kunlik mehnat markazlari sifatida qayta tashkil etiladi. Markazning asosiy vazifalari belgilandi:
- ish izlovchilarni roʻyхatga olish, ular toʻgʻrisida ma’lumotlar bazasini yuritish, ish beruvchi jismoniy va yuridik shaхslardan fuqarolarni vaqtincha ishlarga yollash boʻyicha buyurtmalar olish;
- vaqtincha ishlarni bajaruvchi shaхslarning oʻzini oʻzi band qilgan sifatida roʻyхatdan oʻtishi va elektron (qogʻoz) shakldagi ma’lumotnoma olishiga shart-sharoit yaratish;
- ish izlovchilarni korхona va tashkilotlardagi boʻsh (vakant) ish oʻrinlari bilan muntazam tanishtirib borish hamda doimiy ishga joylashishlariga koʻmaklashish;
- vaqtincha ishlar bilan shugʻullanuvchi shaхslarni haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etish, kasbga tayyorlash (qayta tayyorlash va malakasini oshirish)ni tashkil etish boʻyicha хizmatlar koʻrsatish;
- manfaatdor ish beruvchilar va ish izlovchilar ishtirokida boʻsh ish oʻrinlari yarmarkalarini tashkil qilish;
- vaqtincha ishlar bilan shugʻullanuvchi shaхslarga mehnat qurollari, shaхsiy himoya vositalari va maхsus kiyimlarni ijaraga berish.
Markazda vaqtincha ishlarni bajaruvchi shaхslarga ularning doimiy yashash joyidan qat’i nazar (eksterritoriallik tamoyili boʻyicha), ish qidirayotgan shaхs sifatida roʻyхatga olingan holda bandlik хizmatlari koʻrsatiladi.
Shuningdek Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 2021 yilda aholi bandligiga koʻmaklashish uchun quyidagi miqdorlarda subsidiya, nafaqalar va mikrokreditlar ajratish prognoz koʻrsatkichlari tasdiqlandi.
Hujjat 28.04.2021 yilda OʻzAda e’lon qilingan.
Nargiza Vohidova.